Norboyeva Aliyevga Mirziyoyevning salomini yetkazdi
Jamiyat
−
16 may 2023 5884 2 daqiqa
Kecha, 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Ayni kunlarda xonim Norboyeva amaliy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi.
Prezident Ilhom Aliyev Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning Ozarbayjonning atoqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etayotgani, ushbu mamlakatning umummilliy lideri xotirasiga ko‘rsatilgan hurmat-ehtirom uchun minnatdorlik bildirgan.
U Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Haydar Aliyev haykali va uning nomi bilan ataladigan bog‘ning ochilishi ham bu ehtiromdan dalolat ekanini ta’kidlagan.
Davlat rahbari yaqinda 30 yil armanlar mustamlakasida bo‘lgan Fuzuli rayoniga borganida bu yerda O‘zbekiston Prezidentining o‘zbek xalqi sovg‘asi sifatida barpo etilayotgan maktab qurilishi bilan tanishganini mamnuniyat bilan ma’lum qilgan.
Tanzila Norboyeva, avvalo, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini Ozarbayjon rahbariga yetkazar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan strategik sheriklikka asoslangan do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlashini, ushbu mamlakat Prezidentiga qardoshlik bilan munosabatda ekanini ta’kidlagan.
Ozarbayjon Prezidenti salom va samimiy so‘zlar uchun minnatdorlik bildirib, Norboyevadan Shavkat Mirziyoyevga salomini yetkazishni so‘ragan.
Ilhom Aliyev O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holatiga to‘xtalib, ular izchil ravishda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etgan.
“O‘tgan yilning o‘zida men O‘zbekistonga 3 marta tashrif buyurdim. Bu biz uchun mamlakatingizdan yaqinroq do‘st yo‘qligini yana bir bor tasdiqlaydi”, degan u.
Shuningdek, Tanzila Norboyeva parlamentlararo muloqot ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismiga aylangani, bundan buyon ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish uchun parlamentlararo aloqalarning barcha imkoniyat va sa’y-harakatlarini ishga solinishini aytgan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari istiqbolli davom etishi muhimligi qayd etilib, ikki davlat yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan maxsus forum tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surilgan.
Live
Barchasi