Noodatiy usulda nasha yetishtirib, internetda sotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
08 iyun 4062 2 daqiqa
Toshkent viloyatida uy sharoitida gidroponika usulida giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirib, internet orqali sotish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning M.Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi vaqtinchalik yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolentalar hamda elektron torozi borligi ma’lum bo‘lgan. Dastlabki surishtiruv davomida u o‘zining onasiga tegishli Toshkent tumanidagi xonadonda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotganligi aniqlangan.
Ushbu manzil ko‘zdan kechirilganda 10 tup kannabis o‘simligi, 1 tup quritilgan giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Boshqa holatda esa, “Samarqand-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina Tuproqqal’a tumani hududida DXX va IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 810 gr “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, u qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan ushbu giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatiga sotish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan. Bildirilishicha, hozirda uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora ko‘rilmoqda.
Har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida 259 tup kannabis o‘simligini tomorqasida parvarishlab, sal kam 15 kg “marixuana” giyohvandlik moddasini uyida saqlab kelayotgan shaxs qo‘lga olingan edi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun