Noma’lum kuydiruvchi gazdan zaharlanish mumkinmi? “O‘zkimyosanoat” SSVga raddiya berdi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2019
5727Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Navoiyazot” AJga qarashli PVX ishlab chiqaruvchi zavodda faqulodda holat yuz bergani haqida ma’lum qilgandi. Zavodning 4 ishchisi noma’lum kuydiruvch gazdan zaharlangani aytilgandi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yil 28 oktyabr kuni PVX zavodi va umuman “Navoiyazot” AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermagan. Shu kuni soat 17:00 lar atrofida “Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismiga “PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi” qurilishida ishtirok etayotgan 4 nafar xodim o‘zlarini yomon his etganliklari tufayli shaxsan murojaat etganlar.
“Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rik vaqtida ularning organizmida hech qanday kimyoviy moddalardan zaharlanish alomatlari aniqlanmaganligi tufayli ovqatdan zaharlanish taxmini bilan Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga “Navoiyazot” AJ xizmat avtomobilida olib borilgan. U yerdagi ko‘rikdan so‘ng bir nafar xodimga shu kunning o‘zida javob berilgan, qolgan 3 nafar murojaat etgan xodimlar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Navoiy viloyat filiali toksikologiya bo‘limida olib qolingan va 29 oktyabr kuni soat 10:00 da ahvoli yaxshiligi tufayli shifoxonadan chiqarilgan.
Ayni vaqtda ushbu xodimlar o‘z xizmat vazifasini bajarmoqda.
“O‘zkimyosanoat” SSV ma’lumotida keltirilgan hamda tekshirilmagan ba’zi ma’lumotlarga oydinlik kiritib o‘tgan. Ya’ni xabarda keltirilishicha, “Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan” deb ta’kidlangan. Aslida tez tibbiy yordam brigadasi zavodga kelmagan, aksincha xodimlar Navoiy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Shuningdek, tibbiyotda “Noma’lum kuydiruvchi gazdan” zaharlanish tashxisi haqida ma’lumot mavjud emasligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi