Nokia quvvati 44 kunga yetadigan “boqiy” telefon chiqarmoqchi
Texnologiya
−
09:09 2633 2 daqiqa
Internetda hali rasman taqdim etilmagan Nokia 300 4G Power Bank tugmachali telefonining texnik xususiyatlari paydo bo‘ldi. Ushbu qurilma oddiy mobil telefon va tashqi akkumulyator (pauerbank) funksiyalarini o‘zida birlashtiradi. Bu haqdagi ma’lumotni X ijtimoiy tarmog‘ida “Hmd_Meme's” e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qurilma QVGA o‘lchamli 2,4 dyuymli displey, 0,3 megapikselli kamera va 3700 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Ishlab chiqaruvchining da’vo qilishicha, telefon kutish rejimida 44 kungacha avtonom ishlay oladi.
Qayd etilishicha, Nokia 300 4G Power Bank qurilmasidan pauerbank sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi va u 5 Vt gacha quvvatda teskari zaryadlashni (boshqa qurilmalarga quvvat berishni) qo‘llab-quvvatlaydi. Telefonning o‘z-o‘zini zaryadlashi esa USB-C porti orqali 18 Vt gacha bo‘lgan quvvatda amalga oshiriladi.
Shuningdek, telefon korpusi IP65 standarti bo‘yicha himoyaga ega bo‘lishi, 4G tarmog‘ini, 32 GBgacha bo‘lgan microSD xotira kartalarini, Bluetooth, quloqchinlar uchun 3,5 mmli ulagichni, FM-radio va o‘rnatilgan mediapleyerni qo‘llab-quvvatlashi xabar qilingan.
Qurilmaning yana bir o‘ziga xos xususiyati — piyoda sayohatlar va yorqin yorug‘lik talab qilinadigan boshqa sharoitlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan kuchli svetodiodli (LED) chiroq bo‘ladi. Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, u iPhone 16 Pro chirog‘idan ikki baravar yorqinroq bo‘ladi.
Qurilmaning qachon sotuvga chiqishi va narxi qancha bo‘lishi hozircha aniqlashtirilmagan.
Live
Barchasi