Noxolis xabarlar tarqalishida OAV emas, davlat organlari aybdor – AOKA direktori
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
3869O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev Xalqaro press-klubning “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusida o‘tgan davra suhbatida noxolis axborotlar tarqalishiga OAV vakillari va blogerlar emas, davlat organlari aybdor ekanini aytib o‘tdi.
“Hozirgi zamonda axborotni berkitib bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy texnologiyalar shuni ko‘rsatyaptiki, axborotni bir joyda berkitgan bilan u baribir chiqadi. Hozir axborot erkin aylanyapti va bu so‘z erkinligi bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyasi rivojlanishi natijasida shaxs so‘z erkinligi, haq-huquqlarini talab qilish imkoniga ega bo‘ldi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrlarini bildirishyapti. Albatta, u yerda turli fikrlar yuradi, ular orasida tanqidiylari ham bor. Va bu tanqidiy fikrlarni davlat boshqaruvi organlari eshitishi kerak. O‘zlarining faoliyatini shu berilgan so‘zlar orqali tahlil qilib, qanaqa muammolar borligi, bu muammolarni qanday qilib yechish, ular tizimlimi yoki ayni bir shaxs yoki voqeaga tegishlimi, bularning barchasini davlat boshqaruvi organlari tahlil qilishi kerak. Muloqotga o‘rganishi kerak”, deydi Xo‘jayev.
Asad Xo‘jayev so‘zida davom etarkan, OAV juda ko‘plab tanqidiy materiallarni olib chiqishini ma’qullab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan iqtibos keltirdi.
“OAV juda ko‘plab tanqidiy materiallarni olib chiqadi. Shu orqali bizning davlat boshqaruvi organlari yangi reallikda, yangi O‘zbekistonda faoliyatini boshlayapti. Davlatimiz rahbari “matbuot bu kimgadir achchiq gapirsa, yoqadi yoki yoqmaydi. Bu yo‘nalishdan biz qaytmaymiz”, deb aytdilar
O‘tgan yili bajarilgan katta ishlardan biri – matbuot xizmatlari tashkil etilgani bo‘ldi. Hozirda 1000 dan ziyod matbuot kotiblari faoliyatini amalga oshiryapti. Lekin ular qay darajada ishlayapti, malakasi va tezkorligi, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni davlat boshqaruvi organlariga qay darajada yetkaza olyapti? Shularga e’tibor qaratishimiz kerak”, deydi AOKA direktori.
Shuningdek, Asad Xo‘jayev noxolis axborotlar tarqalishiga OAV vakillari va blogerlar emas, balki davlat boshqaruvi organlari jurnalistlar bilan muloqotga tayyor emasligini sabab qilib ko‘rsatdi.
“Pandemiya sharoitida biz ko‘rdik: aholimizga tezkorlik bilan davlat boshqaruvi organlari qabul qilayotgan turli qarorlarni yetkazib berishda ehtiyoj sezyapmiz. Axborot vaqtida yetib bormasa, bu turli noxolis axborotlar tarqalishiga sabab bo‘ladi. Biz ba’zida OAV vakillari va blogerlar bunda aybdor degan gaplarni eshitamiz. Yo‘q, bu yerda davlat boshqaruvi organlari jurnalistlar bilan muloqotga tayyor emas. Agar davlat organlari tezkorlik bilan javob qaytarsa, asossiz ma’lumotlar, fikrlar bildirilishiga o‘rin qolmaydi. Shuning uchun biz doimiy ravishda davlat organlari ochiqligini ta’minlash borasida muloqotni kuchaytirishimiz kerak, deb bilamiz”, deya ta’kidladi Asad Xo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tadbirda so‘z va matbuot erkinligi masalasiga to‘xtalib, jamiyatga so‘z va matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida ahvol ancha murakkab bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor xalqaro majburiyatlar masalasiga alohida to‘xtaldi.
Suhbatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash jarayonida inson huquqlarini poymol qilmasligi, demokratik erkinliklar esa barcha uchun barobar bo‘lgan qonunlarni buzish uchun qo‘llanilmasligi lozim ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda shu kunlarda so‘z va matbuot erkinligi masalasida kun tartibida bo‘lib turibdi. Bunga AOKA tomonidan bir qancha ommaviy axborot vositalariga ogohlantirish xatlari yuborilgani va bu xatlar erkinlik ustidan bosim sifatida ko‘rilayotgani sabab bo‘ldi.
LiveBarchasi