Nogironligi bo‘lganlarning sport bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish bo‘yicha dastur ishlab chiqilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanadi. 

Quyidagilar Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

•    jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanuvchilariga shart-sharoitlar yaratish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan ta’minlash, davlat-xususiy sheriklik sub’ektlari faoliyatini rivojlantirish;

•    jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan sport turlari bo‘yicha kadrlar salohiyatini yanada oshirish, yuqori malakali, chuqur kasbiy bilimlarga va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan malakali trenerlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularni ilmiy-uslubiy ta’minlash;

•    aholining keng qatlamlari o‘rtasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanuvchilari bo‘yicha ommaviy-sog‘lomlashtirish ishlarini rivojlantirish, musobaqalarni o‘tkazish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularni qo‘llab quvvatlash va maqsadli tayyorlash;

•    O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan sport turlarini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu sport turlaridan yuqori natijalarga erishgan mamlakatlar tajribasini o‘rganish, zarur hollarda xorijiy trenerlar va mutaxassislarni jalb qilish;

•    hududlarda nogironlar futbol klublarini tashkil etish va ularni qullab quvvatlash;

•    ommaviy axborot vositalari, shu jumladan elektron va jahon internet tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan sport turlarini sog‘lom turmush tarziga ijobiy ta’sir etuvchi vosita ekanligini targ‘ib qilish ishlarini tashkil etish.

Quyidagilar Dasturning moliyalashtirish manbalari etib belgilanmoqda:

•    O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag‘lar;

•    O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

•    O‘zbekiston yoshlar ittifoqi;

•    O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi;

•    O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi;

•    O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi;

•    O‘zbekiston karlar sport federatsiyasi;

•    Ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi;

•    O‘zbekiston Maxsus Olimpiada;

•    Xorijiy investorlarning mablag‘lari;

•    imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Qarorda O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga bir oy muddatda Vazirlar Maxkamasiga jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida muntazam ravishda turli ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar kiritishi yuklanmoqda. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga esa bir oy muddatda Paralimpiya, Surdlimpiya va maxsus Olimpiada o‘yinlarida milliy terma jamoalari tomonidan yuksak natijalarga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

ikki oy muddatda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar orasida Paralimpiya, Surdlimpiya va maxsus Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha yozgi va qishki spartakiadalar tashkil etish dasturini tayyorlash yuklangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga hududiy nogironlar futbol klublari (amputantlar, kar va soqovlar, ko‘zi ojizlar, maxsus Olimpiada)ni tashkil etish, nogironlar futbol klublarini moliyalashtirish tavsiya etilmoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori

Baholaganlar

3

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing