Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit”ni shakllantirishimiz lozim – Norboyeva

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, Senatning yettinchi yalpi majlisida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilinib, ma’qullandi. 

Senat Raisi Tanzila Norboyeva qonun haqida fikrlarini bildirib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan jihatlarga urg‘u berdi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun haqiqatdan ham o‘ta muhimdir. Mazkur yo‘nalishda yillar davomida talaygina muammolar to‘planib qolganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu jumladan, nogironligi kundek ravshan bo‘lgan qo‘li yoki oyog‘i yo‘q insonlarni har safar qayta-qayta ko‘rikdan o‘tkazish, tekshirish amaliyoti ham yo‘q emas. Qonunda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlikni belgilash jarayonini soddalashtirish bo‘yicha aniq normalar belgilanganini ham e’tirof etishimiz kerak”, deydi Norboyeva.

Senat raisi nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashda statistikani tartibga solish kerak ekanini ta’kidladi. Nogironlik masalasini tahlil qilish, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy hayotga to‘liq integratsiya qilish uchun bunday shaxslar, ularning soni, istiqomat qilayotgan hududlar, nogironlik darajasi hamda shu kabi muhim jihatlar to‘g‘risida aniq ma’lumotga va tasavvurga ega bo‘lishimiz shart. Aks holda, amalga oshiriladigan ishlar to‘liq bo‘lmaydi, qaysidir qatlam, qaysidir insonlar e’tibordan chetda qolib ketaveradi.

“Bundan tashqari, xalqaro mezonlardan kelib chiqib, mamlakatda nogironligi bor shaxslar uchun “to‘siqsiz muhit”ni shakllantirishimiz lozim.

Bu borada muammolarimiz yetarlicha. Kundalik hayotimizda – transport, ovqatlanish shohobchalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, madaniy-ko‘ngilochar maskanlarda nogironligi bor shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratilmaganiga ko‘p duch kelamiz. Tabiiyki, bu ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, deya mavjud muammolarni sanadi Norboyeva.

Nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy hayotga integratsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratish kerakligi, ular jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini doimo his qilishlari lozimligi urg‘ulandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing