Nogironligi bor shaxslarga imtihonlarda qo‘shimcha vaqt beriladi
Jamiyat
−
21:00 723 2 daqiqa
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ta’lim va imtihon topshirish jarayonlarida yangi imkoniyatlar yaratiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab ular kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon va assistent xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Taqdimotda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilingan bo‘lsa, yana 34,6 ming nafar bolani ta’lim tizimiga qamrab olish zarur.
Yangi tizim doirasida har bir bola bilan “oilaboy” ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Ularning ehtiyojlari erta bosqichda baholanib, imkoniyatiga mos ta’lim muhiti va zarur xizmatlar belgilanadi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning uyiga yaqin joyda ta’lim olishi uchun korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhit yaratishga qaratilgan loyihalari grant asosida moliyalashtiriladi.
2027 yildan boshlab bolalar matnni o‘qish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv vositalar bilan vaucher asosida ta’minlanadi.
Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yilidan maxsus maktablarda ta’lim bolaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqadigan individual rejalar asosida tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz pedagoglar hamda maxsus maktablarning boshlang‘ich sinflariga assistent va yordamchi xodimlar biriktiriladi.
Shu bilan birga, imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibi ham o‘zgaradi. Qog‘oz talonlar bekor qilinib, fuqarolar ID-karta yoki biometrik pasport orqali imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
2027 yildan esa imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yo‘lga qo‘yish va ijrosini nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi