Nogironlar uyida jinsiy zo‘ravonlik qilgan rahbar 15 yilga qamaldi

Olam

image

Janubiy Koreyada nogironlar uchun mo‘ljallangan parvarish uyining sobiq rahbari bir necha nafar tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravon qilgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Inchxon shahridagi Sekdongvon muassasasining sobiq rahbari, familiyasi Kim bo‘lgan erkak uch nafar tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan.

Politsiya o‘tgan yil fevral oyida og‘ir darajadagi aqliy nogironligi bo‘lgan ayol jabrlanuvchilardan biri zo‘ravonlik haqida murojaat qilganidan so‘ng, Kimga nisbatan tergov boshlagan.

Mazkur holat ortidan Janubiy Koreya hukumati mamlakat bo‘ylab nogironlar uchun mo‘ljallangan 1 507 ta parvarish muassasasini tekshirgan. Tekshiruvlar davomida 33 ta ehtimoliy zo‘ravonlik holati aniqlangan. Janubiy Koreya Bosh vaziri Kim Min Sok Sekdongvon muassasasidagi zo‘ravonlikni “davlatning mavjudligi sababini shubha ostiga qo‘yadigan jiddiy masala” deb atagan.

Gangxva okrugi buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan batafsil baholashda muassasaning hozirgi va sobiq 20 nafar ayol tarbiyalanuvchisi jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Mazkur ish mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunlar 2011 yilda kuchaytirilganiga qaramay, bunday holat qanday qilib uzoq vaqt davomida aniqlanmay qolganiga oid savollarni keltirib chiqargan.

Gangxva okrugi Sekdongvon muassasasini yopishga qaror qilgan, Inchxon shahri rasmiylari esa uni boshqargan jamg‘armaning litsenziyasini bekor qilgan. Biroq qolgan tarbiyalanuvchilar boshqa joylarga ko‘chirilishi va ularning mustaqil hayoti uchun sharoit yaratilmaguncha muassasaning yopilishi kechiktirilgan.

Muassasani boshqargan jamg‘arma esa litsenziyaning bekor qilinishiga qarshi ma’muriy sudga da’vo kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Xubey provinsiyasi Kommunistik partiyasi qo‘mitasining sobiq kotibi 111 million dollar miqdorida pora olganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing