Nodirbekning g‘alabasida Shaxmat federatsiyasi nima karomat ko‘rsatgan?

Intervyu

Buyog‘i o‘zbekchilik. Sut bergan sigir qolib, uni soqqan qahramon bo‘ladi. Sigir bechora eski ohor bilan qolib ketaveradi. Buning galdagi maqolaga hech dahli yo‘q. Shunchaki, esimizga tushib qoldi. 

Xabaringiz bor, o‘tgan yil oxirida 17 yashar Nodirbek Abdusattarov Shaxmat bo‘yicha Jahon chempioni bo‘ldi. Bugun u ko‘p yoshlarga namuna qilib ko‘rsatilyapti. Nodirbekning g‘alabasi, muvaffaqiyati shak-shubhasiz Yangi O‘zbekistonda sportga, yoshlarga, ayniqsa, Nodirbek kabi yoshlarga yaratib berilgan sharoitlar, misilsiz va tengi yo‘q islohotlar bilan bog‘lanmoqda. Ushbu maqtov va ash’orlarning bir uchiga 2019 yilda Nodirbekni Moskvada o‘tgan “Aeroflot – 90” turniriga yuborish uchun pul topib berolmagan Shaxmat federatsiyasi ham egalik qilmoqda. 

Xo‘sh, Nodirbekning bir necha yillik tinimsiz mehnati va bugungi yutug‘i ortida Shaxmat federatsiyasining o‘rni bormi? Uning bu yutug‘ida federatsiya qanday karomat ko‘rsatgan? QALAMPIR.UZ aynan shu savol bilan Turizm va sport vaziri – Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimovga yuzlandi.

“Nodirbekning g‘alabasi – bu ko‘p yillik mehnat. Bugun biz uni marhum ustozi Dmitriy Qayumov va boshqa murabbiylarini ham taqdirladik. Bir shaxmatchini o‘stirish juda ham katta mehnat va sabr talab etadi. Bu – birinchi navbatda ota-onasining mehnati. Undan keyin murabbiylar va unga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning, jumladan federatsiyaning ham mehnati, desak to‘g‘ri bo‘ladi. 

Shaxmat federatsiyasida ham juda qiyin vaziyatlar bo‘ladi. Ko‘p yillar davomida Shaxmat federatsiyasiga yaxshi e’tibor qaratilmagani ham ko‘zga tashlanadi. O‘tgan bir yil davomida federatsiya faoliyatini yaxshilash aktivlashtirishga harakat qilyapmiz. Moliyaviy nuqtai nazaridan ham qo‘llab-quvvatlayapmiz”, deydi federatsiya raisi.

U so‘zida davom etib oldingi davrda shaxmatga katta mablag‘ ajratilmagani va ba’zi kamchiliklar bo‘lganini ham urg‘uladi. Biroq Abduhakimov tilga olgan oldingi davr oxirgi 5 yilmi yo 2016 yilgacha bo‘lgan 25 yil, bunisi noaniq. 

“Oldingi davrga nazar tashlasak, yirik mukofot fondlari bilan musobaqalar o‘tkazilmaganini ko‘rishimiz mumkin.  Samarqandda Amir Temur turniri o‘tkazildi va 25 ming AQSH dollarlik fond tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkentda Prezident kubogi bo‘ldi, unga ham 50 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, viloyatlarda ham turli turnir va musobaqalarga mablag‘ ajratilib, yosh shaxmatchilarga keng imkoniyat yaratilmoqda. Bir narsani yaxshi bilishimiz kerak, viloyatlarda barcha sport federatsiyalarining mas’ullari bor, u yerda ham iqtidorli yosh shaxmatchilar mehnat qilishadi. Albatta oldingi yillarda bo‘lgan xatolar ham mavjudligini tan olishimiz kerak. Shaxmatchi opa-singil Tohirjonovalarga e’tibor berilmayotganini ko‘pchilik tanqid ostiga oladi. Tan olish kerak, bu – haqiqat. Hozirgi kunda ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadamiz. Kerakli shart-sharoit qilib berishga harakat qilmoqdamiz”, deydi vazir.

Abduhakimov so‘zida davom etarkan, Nodirbek Abdusattorovning keyingi besh yilligi va unga yaratiladigan sharoitlar, qolaversa, dunyoning professional murabbiylari unga ustozlik qilishi harakatida ekanini alohida ta’kidladi.

“Bilasizmi, aslida shaxmatchilar – aql odamlari. Ular ortiqcha talab ham qo‘yishmaydi. Kerakli sharoit yaratilsa bo‘lgani. Bugun eng muhim masala – Nodirbek Abdusattorovning oldindagi besh yillikdagi taqdiri va rivojlanishi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Nodirbek o‘z ustida ishlashi uchun dunyoning eng kuchli murabbiylarni jalb qilishni ham reja qilganmiz. Bu borada Rustam Qosimjonov bizga ko‘maklashadilar. Bu katta mas’uliyat. Dunyoning yirik murabbiylari O‘zbekistonga kelmagan taqdirda Nodirbekni o‘sha davlatga yuborib o‘z ustida ishlashiga sharoit qilib berishni reja qilganmiz. Nodirbekni keng imkoniyatlari bor va ishonamizki, u dunyoda e’tirof etiladigan klassik shaxmat bo‘yicha shaxmat tojini O‘zbekistonga olib keladi”, deydi Aziz Abduhakimov.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov shaxmat Vazir Jahon chempioni Nodirbek Abdusattarov

Baholaganlar

377

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing