Abdusattorov xalqaro turnirda qatnashish uchun Shaxmat federatsiyasidan pul ololmay, “sazoyi” qilingan

Sport

image

Kuni kecha jahon chempioniga aylanib, rekord natija qayd etgan 17 yashar Nodirbek Abdusattorov bugun Hukumat tomonidan ko‘kka ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, bundan qariyb ikki yil avval xalqaro turnirda ishtirok etish uchun Shaxmat federatsiyasi eshigini taqillatganda, sazoyi qilingan. Oxir-oqibat u Moskvada o‘tgan “Aeroflot 90” turniriga homiylar mablag‘i hisobidan borgan. 

Chempionning otasi QALAMPIR.UZ bilan muloqotda 2019 yildagi voqeani esga oldi va o‘g‘lining “Aeroflot 90” turniriga homiylik yordami bilan borganini federatsiyaning moddiy tomonlama imkoniyati cheklanganini sabab qilib ko‘rsatdi. 

“Har bir federatsiyaning o‘z byudjeti bo‘ladi. Shaxmatni boks, sambo, kurash va futbol bilan solishtirsangiz, undagi mablag‘ mingdan biriga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun biroz imkoniyati cheklangan. Agar hisobidagi pullari ko‘proq bo‘lganida sportchilarga bu uchun yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi”, deydi Fazliddin Ochilov.

Shuningdek, Nodirbek Abdusattorovning o‘zi ham federatsiya faoliyati haqida gapirib, bugungi sharoit avvalgisidan o‘zgarganini urg‘ulaydi. 

“Shaxmat federatsiyaning sportchilarga ko‘rsatayotgan e’tibori yaxshi va so‘nggi yillarda ijobiy tomonga o‘zgargan. Biz sportchilar bundan xursandmiz va natijalarimiz orqali ham buni ko‘rsatib qo‘yyapmiz. Bundan keyin yanada yaxshi bo‘lishiga ishonamiz”, deydi 17 yoshli jahon chempioni.

Ma’lumot o‘rnida, yosh shaxmatchilarning xalqaro turnir va musobaqalarga shaxsiy yoki homiylik mablag‘lari evaziga borishi, bunda Shaxmat federatsiyasi tomonidan pul ajratilmasligi 2019 yilda “Ma’rifat” gazetasida jurnalist Husan Karvonli tomonidan ham tanqid qilib chiqilgan edi. Ushbu maqola ortidan Federatsiya raddiya berib, jurnalistni tuhmat qilishda ayblagan. 

“O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi yillik reja bilan ish ko‘radi. Buning ustiga reja yil boshida tasdiqlanadi va Ijroqo‘m tomonidan ko‘rib chiqiladi. 

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi nodavlat-notijorat tashkilot. Federatsiya homiylar hamda boshqa ta’qiqlanmagan manbalar hisobidan o‘z faoliyatini yuritadi. Boz ustiga, Shaxmat Olimpiada o‘yinlariga kirmagani bois, futbol, tennis va boshqa sport turlaridek davlatdan katta mablag‘da ko‘mak olish imkoniyatiga ega emas. 

Federatsiya chempionlarning Xalqaro maydonda faol bo‘lishlaridan manfaatdor va bu uchun bor kuchini ayamaydi. Xusan Karvonlining “Xorijda bo‘layotgan kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga na shaxmat federatsiyasi, na Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bir so‘m ham ajratmaydi!” degan gaplarini asossiz. Chunki O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi o‘z mablag‘lari hisobidan har yili kamida ikki nafar shaxmatchini “Chegorin” memorial turniriga, “Aeroflot” turnirlariga yuboradi.  

Jurnalistning maqolada keltirilgan “Federatsiya bunda ota-onalarini ayblayotgan bo‘lsa-da, “Pul yo‘q, borolmaysizlar” degani uchun Federatsiya ko‘proq aybdor!” degan aybloviga isbot talab qiladi va guvohlarni yuzma-yuz ko‘rishishga taklif qiladi, chunki Federatsiya moliyaviy  masalalar yuzasida OAV va ota-onalarga rasmiy raddiya bermagan. Dalilsiz har qanday gap, asossiy tuhmat va uydurma degani. Bu uchun qonunda berilgan choralar mavjud”, deyilgan Federatsiya javobida. 

O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon xalqaro musiqa festivallari va sport musobaqalarida ishtirok etayotgan bolalarning xorijiy safarlari xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjud. Ko‘p hollarda yosh chempionlar va musiqachilar Abdusattorov kabi xalqaro tadbirlarga o‘z hisobidan borishi, homiy topolmagan taqdirda, musobaqalarda qatnasholmay qolib ketishi mumkin. Bu bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan holat bo‘lib, bugungacha qanchadan qancha iqtidor egalari aziyat chekkaniga qaramay, aniq chora-tadbirlar belgilanmagan. Biroq, ular ana shunday tanlovlar g‘olibiga aylanib qolsa bormi, g‘alaba va sovrin egalari darrov topiladi, islohotlar alqanadi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil o‘tkazilgan “Aeroflot open” turnirida Abdusattorov 9 imkoniyatdan 5 ochko jamg‘argan holda 25-o‘rinni egallagan.


Maqola muallifi

Teglar

Nodir shaxmat

Baholaganlar

1289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing