Nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tuziladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohada islohotlarning hozirgi bosqichi davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirish lozimligini taqozo etmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida:

Davlat bojxona qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlarini (keyingi o‘rinlarda – Apellyatsiya kengashi) tashkil etish to‘g‘risidagi;

jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.

3. Quyidagilar Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘rish;

murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;

murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish.

4. Belgilansinki:

Apellyatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan ikki yarim yil muddatga tasdiqlanadi;

Apellyatsiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin;

Apellyatsiya kengashi a’zoligiga amaliy tajribaga va obro‘-e’tiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan obro‘li fuqarolar qabul qilinadi. Bunda, davlat organining markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari yoki xodimlari hisoblanmagan Apellyatsiya kengashi a’zolari jami Kengash a’zolarining beshdan bir qismidan oshib ketmasligi lozim;

Apellyatsiya kengashi unda ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega bo‘lgan xulosa qabul qiladi. Apellyatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa uch kun muddatda davlat organi rahbariga ko‘rib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboriladi;

Apellyatsiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda, davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilingan qaror to‘g‘risida uch kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.

5. Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov):

Apellyatsiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib borsin hamda tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida ularga amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashsin;

2021 yil 1 iyulga qadar mazkur qarorning 2-bandiga asosan joriy etilayotgan eksperiment natijalarini keng qamrovli tahlil qilgan holda, uni keyinchalik boshqa davlat organlarida ham joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

7. Belgilansinki, quyidagilar:

nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shug‘ullanuvchi professional mediatorlarning o‘zaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi;

professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning o‘zaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etilishi va faoliyat yuritishi mumkin.

8. Mediatsiya markazi va Nizolarni muqobil usulda hal etish markazining (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro arbitraj faoliyatiga nizolarni muqobil usulda hal etish tartib-taomilini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish;

mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj ishlarini ko‘rish bilan bog‘liq faoliyatga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritish;

mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitraj sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun o‘quv kurslarini tashkil etish. Bunda, mediatorlarni tayyorlash 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan o‘quv kurslari bo‘yicha amalga oshiriladi va ularni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikat beriladi;

mediatsiya va nizolarni muqobil hal etishning boshqa usullari rivojlanishi va keng ommalashuviga ko‘maklashish, bu sohada seminarlar, treninglar va konferensiyalar tashkil etish.

9. Belgilansinki, Markazlar:

a) tinglovchilarga ta’lim berishni tashkillashtirish uchun:

shartnoma asosida oliy ta’lim muassasalarining malakali pedagoglarini, shuningdek, milliy va xorijiy mediator, hakamlik sudyalari va arbitrlarni hamda vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini jalb etishi mumkin;

yetakchi xorijiy mediatsiya va arbitraj markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, nizolarni muqobil usulda hal etish sohasida tajriba almashishi, shuningdek, nizolarni hal etishga xorijiy mediatorlar va arbitrlarni jalb etishi mumkin;

b) mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj faoliyati yuzasidan adliya organlariga hisobotlar topshirishdan ozod etiladi;

v) oliy ma’lumotga ega rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida besh nafar xodimga ega bo‘lishlari kerak.

10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov):

a) professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlar o‘rtasida doimiy ravishda Markazlar tashkil etilishining ijobiy taraflari haqidagi targ‘ibot ishlarini va bu boradagi faoliyatni monitoring qilib borsin hamda har chorakda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;

b) ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib:

mediatorlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarining namunaviy dasturini ishlab chiqsin;

Bosh prokuratura bilan birgalikda mediatsiya institutining jinoyat protsessiga tatbiq etilishi maqsadga muvofiqligi bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

11. Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazining ular muassisligida Toshkent mediatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov) Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan birgalikda Toshkent mediatsiya markazi faoliyatini tashkillashtirish hamda 2021 yil 1 yanvarga qadar Toshkent mediatsiya markazini jahonning mediatsiya instituti rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, tayyorlangan bino va jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahrida:

2020 yil 1 iyuldan boshlab, eksperiment tariqasida, davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratsin;

eksperimentning ijobiy natijalari asosida 2021 yil 1 aprelga qadar ushbu amaliyotni barcha davlat xizmatlari markazlari binolarida tatbiq etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda belgilangan tartibda professional mediatorlikni kasb sifatida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda professional mediatorlar va hakamlik sudlari reyestrlariga kiritilgan professional mediatorlar hamda hakamlik sudi sudyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning barcha sud binolarida joylashtirilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov) doimiy ravishda:

Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda professional mediatorlar, hakamlik sudyalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga mas’ul xodimlar uchun nizolarni sudgacha hal etish bo‘yicha ilg‘or tajribani rivojlangan xorijiy davlatlarda o‘rganishni tashkil etsin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida nizolarni hal etishda mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro arbitraj institutining afzalliklariga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklar, ko‘rsatuv va eshittirishlarni efirga uzatish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari e’tiboriga yetkazish choralarini ko‘rsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab tegishli oliy ta’lim muassasalarida ilg‘or xorijiy tajribalar asosida mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj sohalari uchun nizolarni hal etishning muqobil yo‘nalishlariga oid bo‘lgan magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari U.Sh.Tashxodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 17 iyun


Maqola muallifi

Teglar

sud nizo apellyatsiya

Baholaganlar

12

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing