Nipah virusidan ikkinchi o‘lim ham qayd etildi

Olam

image

Hindistonda Nipah virusi bilan bog‘liq ikkinchi o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda NDTV xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli hamshira yanvar oyida o‘zi ishlagan shifoxonada davolanayotgan bemordan virus yuqtirib olgan. U deyarli bir oy davomida og‘ir ahvolda komada bo‘lgan. Dastlab o‘tkazilgan Nipah testi manfiy chiqqan, biroq unda o‘pka infeksiyasi rivojlangan. Bemor sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Kanal xabariga ko‘ra, ayol virus keltirib chiqargan asoratlar oqibatida vafot etgan. Uning immuniteti keskin zaiflashgan va yuragi to‘xtagan.

Ayol joriy yilning boshida Nipah virusi aniqlangan ikki nafar tibbiyot xodimidan biri bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, u hushiga kelishga, qo‘l-oyoqlarini qimirlatishga va gapirishga harakat qilayotgan edi, biroq ahvoli to‘satdan og‘irlashib ketgan.

Hamshira Yangi yil ta’tili munosabati bilan 31 dekabr kuni uyiga qaytgach, yanvar oyining boshida betob bo‘lib qolgan.

Ma’lumot uchun, Nipah virusi hayvonlardan, xususan ko‘rshapalaklar va cho‘chqalardan odamga yuqishi mumkin. Virus nafas olish tizimini zararlaydi, ensefalit (miya yallig‘lanishi)ni keltirib chiqaradi va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, holatlarning 75 foizida o‘limga olib keladi.

Yanvar oyida virus tarqalishi Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida qayd etilgan. Hozirga qadar besh kishi kasallangani aniqlangan, qariyb yuz kishi karantinga olingan. Hozircha ushbu kasallikni davolash uchun maxsus dori vositalari yoki vaksina mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladesh shimolida Nipah virusini yuqtirgan ayol vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Nipah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing