Nima sababdan Toshkentda avtomobillar tirbandligi oshib ketdi?
Jamiyat
−
11 mart 2020
8403Toshkent shahridagi Mahtumquli ko‘chasi va Ohangaron shosse avtomobil yo‘llari kesishmasida uch qavatli avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi hududda tirbandlikni yuzaga keltirayotgani qator e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. QALAMPIR.UZ yo‘l o‘tkazgich qurilayotgan hududga borib, mas’ullarga mikrofon tutdi. Mas’ullardan yo‘l o‘tkazgich qachon ishga tushirilishi, uning imkoniyatlari va boshqa savollarga javob oldik.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-3632-sonli qarori asosida Toshkent shahrining eng katta chorrahalaridan biri bo‘lgan Ohangaron va Parkent hamda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi yangi transport yechimi qurilishi yakunlanmoqda.
Qurilishi 2018 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha mamlakatdagi dastlabki uch pog‘onalik transport yechimi hisoblanadi, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo‘lmaydi. Avtomobillar barcha yo‘nalishda to‘xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi olinadi, avtomobillarni o‘tkazish imkoniyati soatiga 21 mingtaga yetadi.
“Joriy yilning 5 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda mazkur ko‘chalarda qurilish ishlari bo‘layotgani sababli yo‘llar vaqtinchalik yopilishi va bunda tirbandlik yuzaga kelishi haqida ogohlantirgandik. Afsuski, hamma ham internet foydalanuvchisi emas. Ayrimlar bexabar qolishi tabiiy. Fuqarolarimizdan tirbandlik bo‘layotgani uchun uzrimizni so‘raymiz. Shu vaqtgacha ko‘chalarni yopmadik, qurilishning oxirgi bosqichida texnologik jarayon sabab ko‘chalarni yopishga majbur bo‘ldik. Bir haftadan keyin yo‘l ochilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi. Ungacha bizni ham tushunishlarini iltimos qilardik”, deydi Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev.
Loyihada bosh pudratchi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning "Ko‘prikkurilish" Tresti unitar korxonasi hisoblanadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi byudjeti mablag‘laridan amalga oshirilmoqda va uning qiymati 140,0 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ushbu transport yechimi “Ko‘prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Ohangaron va Parkent ko‘chalari umumiy uzunligi 502 metr bo‘lgan tunnel uslubidagi yo‘l o‘tkazgich bilan bog‘lanadi.
“Ko‘prikqurilishta’mirlash” direksiyasi texnik nazoratchi-muhandisi Zafarbek Ahatovga ko‘ra, tunnelning kengligi 26,7 metr, ko‘prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi. Loyihaning ikkinchi pog‘onasida 2 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329,2 metrli halqasimon yo‘l harakati tashkil etilmoqda. Uchinchi pog‘onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat.
“Qurilish ishlari 2018 yilning boshida boshlangan. Bu O‘zbekistondagi birinchi 3 qavatli yo‘l o‘tkazgich hisoblanadi. Tirgak devorlari monolit uslubida qurilmoqda. Nemis texnologiyalari asosida yangicha asfaltlash ishlari olib borilmoqda”, deydi Zafarbek Ahatov.
Bugungi kunda ob’ektda qurilish ishlari deyarli yakunlanib, hududda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘l o‘tkazgich qurilish ishlariga 50 dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar hamda 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi xodim jalb qilingan.
LiveBarchasi