“Astra ko‘prigi”: endi ta’mirlanayotgan yo‘llar yopilmaydi
Bu qiziq
−
09 may
8053Shveysariyada yo‘llarni avtomobillar harakatini to‘xtatmasdan ta’mirlashning yangi yo‘li o‘ylab topildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Gap shundaki, shveysariyaliklar avtomobil yo‘llari ta’mirlanayotgan vaqtida mashinalarning qatnoviga xalaqit bermaslik uchun ko‘chma ko‘prikdan foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi. Bu esa asosiy magistrallarda kunduzi ish olib borish imkonini beradi. Avval mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, bunday ta’mirlashni amalga oshirish faqatgina tungi vaqtda ruxsat etilgandi.
Ushbu loyiha “Astra ko‘prigi”deb ataladi. Unga ko‘ra ko‘chma ko‘prik ta’mirlanayotgan avtomobil yo‘li qismiga o‘rnatiladi. Avtomobillar uning ustida 60 km/soat tezlikda ikki qator bo‘lib harakatlanadi.
Inshootning umumiy uzunligi 240 metr, qurilish ishlari uchun ko‘prik ostida 100 metrga yaqin joy mavjud. Ta’mirlash materiallarini yetkazib berish va qurilish chiqindilarini olib ketish ko‘prik yonidagi harakatlanish chizig‘i orqali amalga oshiriladi.
Ko‘prik ostidagi ishlar tugallanganidan so‘ng, u keyingi bosqich uchun 100 metr oldinga suriladi. Undagi butun strukturani to‘liq yig‘ish uchun taxminan 14 soat vaqt kerak bo‘ladi.
Yana bir ajoyib jihati – loyihani ishlab chiquvchilar ko‘prikning markaziy qismlarini 90 gradusga aylana oladigan g‘ildiraklar bilan jihozlagan. Shu sababli butun tuzilmani nafaqat oldinga va orqaga, balki chapga va o‘ngga ham siljitish mumkin.
Astra Bridge prototipini ishlab chiqish taxminan 18,5 million yevroga tushgan.
LiveBarchasi