Nigeriyada 22 qavatli bino qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi (fotoreportaj)

Olam

image

Nigeriyaning yirik shaharlaridan biri Lagosda “lyuks” kvartiralar joylashishi kerak bo‘lgan ko‘p qavatli bino qulab tushdi. 22 qavatli osmono‘par bino qurilishi davom etayotgan edi, uni kelgusi yilda foydalanish uchun topshirish rejalashtirilgan edi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan, qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirishda davom etmoqda. 

Ta’kidlanishicha, Lagosda kuchli yomg‘ir tun bo‘yi davom etgan, biroq qutqaruvchilar va mahalliy aholi tun bo‘yi fonar nurida ishlagan. Omon qolgan 9 kishi allaqachon topilgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan ovozlar eshitilayotganini aytmoqda. 

Qarindoshlar intiqlik bilan binoda bo‘lgan yaqinlarining taqdiri haqidagi xabarni kutmoqda. Qurilish maydonchasida aniq qancha odam ishlagani ma’lum emas, biroq guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 40 kishigacha bo‘lishi mumkin. Avvalroq 100 ga yaqin ishchi bedarak yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan. 

Qayd etilishicha, mahalliy rasmiylar fojia sabablarini o‘rganmoqda va tergov yakunida barcha ma’lumotlarni ommaga e’lon qilishga va’da bermoqda. 

Nufuzli Ikoyi tumanida qurilayotgan, “lyuks” kvartiralar joylashishi kerak bo‘lgan hashamatli turar-joy binosi joriy yilning 1 noyabr kuni tushdan keyin qulab tushgan. Bu 360 Degrees Towers deb nomlangan majmuaning bir qismi bo‘lib, apartamentlar, penthauslar va taunhauslarni o‘z ichiga olgan, undagi eng arzon kvartira 1,2 million dollarga baholangan. 

Ko‘chmas mulk Buyuk Britaniya va AQSHdan tortib Janubiy Afrika va Nigeriyagacha butun dunyo bo‘ylab qurilish loyihalarini amalga oshirgan developer saytida reklama qilingan. Bu sayt hozirda ochilmayapti. 

Quruvchi Erik Tetexning aytishicha, uning jamoasi qurilish maydonchasiga ekskavator kelishini kutayotgan bo‘lgan, bino esa birdan qulab tushgan. 

“Akam va men tirik qoldik, lekin u yerda odam ko‘p edi, yuzdan ortiq”, degan u. 

O‘z navbatida, qurilish maydonchasi ro‘parasidagi ofisda bo‘lgan guvohlarning aytishicha, ular baland ovozni eshitib, derazadan tashqariga qaragan va bino qavatma-qavat qulab tushganini ko‘rgan. 

Qayd etilishicha, fojia sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan Lagos meri o‘rinbosari Femi Xamzatni g‘azablangan olomon kutib olgan va ular rasmiylarni qutqaruv operatsiyasi boshlanishini kechiktirayotganlikda ayblagan. 

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan bino rejalashtirilgan balandlikdan bir necha qavat balandroq bo‘lgan. 

So‘nggi yillarda Lagosda bir nechta shunga o‘xshash qulash hodisalari bo‘lgan. 2019 yilda maktab binosi qulashi oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan. 2014 yilda taniqli yevangelist tomonidan o‘tkazilgan marosim paytida olti qavatli bino qulab tushgan va 116 kishi halok bo‘lgan. 

Nigeriyada qurilish ishlari sifati past bo‘lgan va Lagos hukumati yaqinda qurilish sohasi uchun sertifikatlashning yangi, qat’iy tizimini yo‘lga qo‘ygandi.


Maqola muallifi

Teglar

Nigeriya bino Lagos

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing