Nigeriya futbolida qo‘zg‘olon: MTJ a’zolari mashg‘ulotlardan bosh tortmoqda
Sport
−
12 noyabr 2025 3858 2 daqiqa
Nigeriya terma jamoasi futbolchilari va texnik xodimlari 2026 yilgi Jahon chempionati Afrika pley-off bosqichi oldidan mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ydi. Terma jamoa a’zolari 2019 yildan buyon to‘lanmagan nafaqalar va mukofot pullari sabab norozi bo‘lmoqda. Bu haqda “Daily sports” nashri xabar berdi.
Nigeriya milliy terma jamoasi futbolchilari 2025 yilgi Afrika Millatlar Kubogi saralash bosqichi hamda Jahon chempionati pley-offiga chiqish uchun va’da qilingan bonuslarni hali olmagan. Shu sabab futbolchilar va murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ygan.
“To‘liq tarkib, jumladan murabbiylar shtabi, to‘lanmagan pullar bilan bog‘liq muammolar hal etilmagani sabab bugun mashg‘ulotlarni to‘xtatdi. Jamoa Gabonga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni davom ettirish uchun tezkor yechim kutmoqda”, deyiladi futbolchilar va xodimlar imzolagan bayonotda.
Jurnalist Oluvashina Okeledji ta’kidlashicha, futbolchilar “bo‘sh va’dalardan charchagan”. Boykot faktini Marokashda jamoani yoritayotgan sport muxbiri Sulaymon Adebayo ham tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Nigeriya terma jamoasi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida joriy yilning 14 noyabr kuni Rabatdagi “Muulay Hassan” stadionida Gabon bilan bahs olib boradi. Shu kuni Kamerun va Kongo DR jamoalari ham o‘zaro kuch sinashadi. Ushbu uchrashuvlarning g‘oliblari 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan finalda ishtirok etib, konfederatsiyalararo pley-off bosqichiga yo‘l olish uchun kurash olib boradi.
Live
Barchasi