Nigerda davlat to‘ntarishiga urinish. Voqealar rivoji qanday davom etmoqda?

Olam

image

Niger prezident gvardiyasi harbiylari 27 iyul kuni Prezident Muhammad Bazum lavozimidan chetlatilgani, chegaralar yopilgani va komendantlik soati joriy etilgani haqida e’lon qildi. Prezident Bazumning o‘zi esa hukumat a’zolari kabi iste’foga chiqqanini tasdiqlamadi. Afrika davlatidagi vaziyat butun dunyo e’tiborini tortmoqda.

Hammasi qanday boshlandi?

Niger prezident gvardiyasining bir guruh askarlari kecha, 26 iyul kuni ertalab Niameydagi davlat rahbari idorasi joylashgan binoni to‘sib qo‘ydi. Amaliyot davomida yaqin atrofdagi ko‘chalarda harbiy texnika bo‘lmagan, binoni to‘sishda avtomobillar ishlatilgan.

Prezident gvardiyasiga general Umar Chiani boshchilik qilgan. Aytilishicha, so‘nggi kunlarda Prezident generalni ishdan bo‘shatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bo‘lgan. Isyonga davlat to‘ntarishi o‘tkazish niyati emas, balki Chiani boshchiligidagi prezident gvardiyasi bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan.
Isyonchilar Niger davlat radio va televideniyesi binosini egallagan hamda mamlakat Ichki ishlar vaziri Amada Adama Suleyni ham hibsga olgan.
Niger qurolli kuchlari va Milliy gvardiya prezident gvardiyasi guruhini qo‘llab-quvvatlamadi. Niger maxsus kuchlari ham Prezident tomonida qoldi. Ular milliy televideniye va radio binolari atrofidagi pozitsiyalarni egalladi.

Kecha, 26 iyul kuni kechqurun prezident saroyi yaqinida kuchli otishma sodir bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Prezident gvardiyasi askarlari Bazumni zudlik bilan ozod qilishni talab qilgan namoyishchilarga qarata o‘t ochgan. Qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Prezidentga nima bo‘ldi?

Isyonchilar Prezident Muhammad Bazumni oilasi bilan prezident saroyida hibsga oldi. Davlat rahbariga yaqin manbalar uning "xavfsiz va sog‘lom" ekani, shuningdek, isyonchilar bilan muzokara olib borayotganini ma’lum qildi. Isyonchilarning bosimiga qaramay, Bazum o‘z iste’fosini imzolashdan bosh tortdi.

Keyinroq Bazum ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirdi. 

“Qiyinchilik bilan erishilgan yutuqlar himoya qilinadi. Demokratiya va erkinlikni sevadigan barcha nigerliklar buni ko‘radi”, degan Prezident.

Voqealar qanday rivojlandi?

Bugun, 27 iyul kuni isyonchilar Prezident ag‘darilgani va Nigerda 19:00 dan 05:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 23:00 dan 09:00 gacha) umummilliy komendantlik soati joriy etilgani hamda mamlakatdagi barcha muassasalar faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi. 

Shuningdek, prezident gvardiyasi askarlari “ag‘darilgan” hukumat vakillariga jismoniy daxlsizlikni kafolatladi.

Boshqa tarafdan, Niger Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Asumi Masudu hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakat xalqini isyonkor harbiylarga qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

Dunyo qanday munosabatda bo‘ldi?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish telefon orqali Muhammad Bazum bilan muzokara o‘tkazdi va uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U hokimiyatni kuch bilan qo‘lga kiritish va Nigerda demokratik boshqaruv, tinchlik va barqarorlikka putur yetkazish bo‘yicha har qanday urinishni qoraladi hamda zo‘ravonlikdan tiyilishga va qonun ustuvorligini hurmat qilishga chaqirdi.

G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) Nigerdagi voqealarni hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish deb atadi va “respublikaning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidentini zudlik bilan va so‘zsiz ozod etishni” talab qildi. Tashkilot bayonotiga Yevropa Ittifoqi ham qo‘shildi.

Niger bilan chegaradosh bo‘lgan Nigeriyaning Prezidenti Bola Tinubu ECOWAS’ning amaldagi raisi sifatida qo‘shni davlatning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, Benin Prezidenti Patris Talon vaziyatni baholash uchun ECOWAS nomidan Nigerga bordi.

O‘z navbatida, Afrika Ittifoqi Niger aholisi va butun dunyo xalqlarini "to‘ntarish tashabbusini bir ovozdan qoralashga hamda qonunni buzgan askarlarni zudlik bilan kazarmalarga qaytarishga" chaqirdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ham isyonchilardan zo‘ravonlikni to‘xtatishni talab qilgan. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonning Niamey bilan aloqalari Afrika davlatining demokratik boshqaruviga bog‘liq bo‘lishini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

davlat to'ntarishi Niger Muhammad Bazum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing