Niger AQSH harbiylariga ham eshikni ko‘rsatdi

Olam

image

Nigerda hokimiyatni qo‘lga kiritgan harbiylar Amerika qo‘shinlarining ushbu Afrika davlati hududida qolishiga imkon beruvchi kelishuvni bekor qildi. Bu haqda rejim matbuot kotibi polkovnik Amadu Abdramanga tayanib, "Reuters" nashri ma’lum qildi.

“Shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi qaror darhol kuchga kiradi”, deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, amerikalik rasmiylar, xususan, AQSH Davlat kotibining Afrika masalalari bo‘yicha yordamchisi Molli Fi va Pentagonning Afrikadagi qo‘mondonligi rahbari Maykl Lenglining 12 mart kuni mamlakatga favqulodda tashrifi ortidan shunday qaror qabul qilingan. 

Niger muvaqqat hukumatining rasmiy vakili o‘z chiqishida Amerika delegatsiyasi diplomatik protokolni buzganini va Niger rasmiylariga delegatsiya tarkibi, uning kelish sanasi va kun tartibi haqida ma’lumot berilmaganini aytgan.

Bildirilishicha, 2023 yil holatiga ko‘ra, Nigerda AQSHning 1,1 mingga yaqin askari va uchuvchisiz samolyot bazasi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Nigerda 2023 yilning 26 iyul kuni prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari qo‘zg‘olon ko‘tarib, prezident Muhammad Bazumning lavozimidan chetlatilishini e’lon qildi. Mamlakatni boshqarish uchun qo‘riqchilar qo‘mondoni Abdurahmon Tchiani boshchiligida Vatan himoyasi milliy kengashi tuzildi. 10 avgust kuni Tchiani o‘tish davri hukumatini tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Qo‘zg‘olonchilar Fransiya elchisini va qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilib, Fransiya bilan harbiy kelishuvlar bekor qilinganligini e’lon qildi. Fransiya faqat Niger qonuniy organlarining talablarini tan olishini bir necha bor bildirgan, biroq sentyabr oyi oxirida elchini chaqirib olishga qaror qilgan.
Oktyabr oyining oxirida qo‘shinlarni olib chiqish boshlandi: Fransiya harbiy bo‘linmalari Niger armiyasi nazorati ostiga Mali bilan chegaradagi strategik muhim hududdagi Oualam shahridagi (Tillaberi viloyati) harbiy lagerni tashlab ketdi. Fransiya qo‘shinlari 2023 yil 22 dekabrda Nigerni butunlay tark etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afrika Niger qo'shin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing