Nihoyat tramadol va lirika singari dorilar qattiq nazorat ostiga olinadi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 6 sentyabr kuni “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Ma’lumki, so‘nggi ikki-uch yilda mamlakatda psixotrop dori vositalari savdosiga qancha chek qo‘yilmasin, uning yangidan-yangi turlari shuncha ortyapti. Chayqovchilar ham buning ortidan mo‘maygina daromad qilyapti. Yoshlar o‘rtasida kuchli ta’sir etuvchi moddalarni notibbiy maqsadlarda iste’mol qilinishi holatlari ko‘pchilikni tashvishlantirib kelmoqda. 

Prezidentning yangi qarori bunday salbiy holatlarga barham berishda, ya’ni dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinadi hamda ularning chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar va giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov. 

Azizovga ko‘ra, shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga qat’iy barham beriladi. Bu jarayonda tekshirishlar Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali tashkil etiladi.

Endilikda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi takliflari asosida kiritib boriladi.

Yana bir e’tiborli jihati, Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalarining notibbiy maqsadlarda iste’mol qilinishi ustidan doimiy monitoring olib borishi va zarur hollarda ekspert guruhiga tegishli takliflarni kiritish choralarini ko‘rib boradi.

Bunda ikki oy muddatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirishga oid, shu jumladan, retsept bo‘yicha dori vositalarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash ham nazarda tutilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori tramadol lirika

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing