Netanyaxuni hibsga olish uchun order so‘ragan XJS prokurori jinsiy tajovuzda ayblanmoqda
Olam
−
09 noyabr
6085Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xon jinsiy tajovuzda ayblanib, hozirda unga nisbatan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 54 yoshli Xonga qarshi ayblovlar orasida jinsiy aloqa qilishga majburlash va uzoq vaqt davomida o‘z lavozimini suiiste’mol qilish singari ayblovlar mavjud. Shu bilan birga, XJSdagi bir nechta manbalar ham ushbu ayblovlarni tasdiqlagan.
Xonning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda sudning ichki nazorat organidan zudlik bilan tergov boshlashni so‘ragani va bu tergov bilan to‘liq hamkorlik qilishini aytganini e’lon qilgan.
Biroq sudning yuqori martabali amaldorlari “The Guardian” nashriga xodimlar ichki tergovning mustaqilligiga shubha qilganini bildirgan. Ba’zilarning fikricha, Xon tekshiruvdan “shovqin” ko‘targanlardan o‘ch olish uchun foydalanmoqda.
Nashrning yozishicha, prokuraturadagi to‘rtta manba ham mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvidan xavotir bildirgan, chunki sudning mustaqil nazorat mexanizmi deb nomlanuvchi ichki nazorat organining yangi rahbari hozir Xon uchun ishlamoqda. Taxmin qilingan jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan 30 yoshlardagi advokat ham bevosita Xon uchun ishlagan, biroq u izoh berishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, prokurorning asl ismi – Karim Asad Ahmad Xon bo‘lib, 1970 yilning 30 mart kuni Shotlandiyaning Edinburg shahrida tug‘ilgan. Xon 1997-1998 yillarda Sobiq Yugoslaviya bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunal prokurori idorasida yuridik xodim sifatida, keyinchalik 2000 yilgacha Ruanda bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunal prokurori idorasida yuridik maslahatchi sifatida ishlagan. 2021 yil 16 iyundan buyon Xalqaro jinoiy sudning prokurori sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMAS yetakchilari Yahyo Sinvar (vafot etgan) va Muhammad Deyfni (uning o‘limi haqida rasmiy xabar berilgan) zudlik bilan hibsga olish uchun order berishni so‘ragani xabar qilingandi.