Netanyaxuga va’da bergan Rubio endi Dohaga ham bormoqchi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yaqin kunlarda Qatarga tashrif buyuradi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Tashrif Falastinning HAMAS guruhi a’zolari AQSHning G‘azo sektorida sulh tuzish bo‘yicha taklifini muhokama qilish uchun yig‘ilgan Dohada Isroil havo hujumi uyushtirilgan paytga to‘g‘ri keldi.

Rubioning Qatarga borish rejalari haqida avvalroq “The Washington Post” manbasiga tayanib xabar bergan edi. Tashrifni keyinroq Davlat kotibining o‘zi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Quddusdagi boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan 15 sentyabr kuni bo‘lgan uchrashuvda tasdiqladi. Rubio matbuot anjumanida Bosh vazirni Qo‘shma Shtatlar Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.

“G‘azo xalqi yaxshiroq kelajakka loyiq, ammo bu yaxshi kelajak HAMAS yo‘q qilinmaguncha boshlanmaydi. Siz bizning sobit yordamimizga ishonishingiz mumkin”, dedi u Netanyaxuga murojaat qilib.

Rubio Isroilga rasmiy tashrif bilan 14 sentyabr kuni bordi. Ketishdan oldin AQSH Davlat kotibi 9 sentyabr kuni Isroilning Qatardagi HAMAS qarorgohiga bergan zarbalaridan Oq uyning noroziligini bildirdi. Isroil armiyasi amaliyotda Isroilga hujumga boshchilik qilgan Falastin guruhi a’zolari nishonga olinganini da’vo qilmoqda.

“Bloomberg”ning qayd etishicha, Quddusdagi muzokaralar chog‘ida Rubio Isroilni Qatarga raketa zarbasi bergani uchun tanqid qilishdan o‘zini tiyib, hozirda ustuvor vazifa HAMASning taslim bo‘lishi va qurolsizlanishiga erishish hamda G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish ekanini aytgan. Avvalroq Davlat kotibi Dohaga berilgan zarba AQSH-Isroil munosabatlariga ta’sir qilmasligini ta’kidlagan edi.

Qatar Misr va AQSH bilan birga Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy platforma va vositachilardan biri edi. Isroil harbiylari Dohaga hujum qilgan kuni muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Hujumdan keyin Qatar vositachilik harakatlarini to‘xtatishga qaror qildi. Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Tani Isroilning harakatlarini “davlat terrorizmi” deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Qatarga berilgan zarbadan so‘ng Isroilga borgandi. Davlat kotibi Isroilga tashrifidan so‘ng 16-18 sentyabr kunlari Buyuk Britaniyaga ikkinchi davlat tashrifi bilan AQSH Prezidenti Donald Tramp delegatsiyasiga qo‘shiladi.  


Maqola muallifi

Teglar

Qatar HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing