Netanyaxu Trampdan Eronga hujumni kechiktirishni so‘radi
Olam
−
08:44 3166 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampdan Eronga qarshi harbiy zarbalarni vaqtincha kechiktirishni so‘radi. Bu haqda amerikalik rasmiylarga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Netanyaxu va Tramp o‘rtasidagi suhbat 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan. Aynan shu kuni Tramp o‘z manbalari orqali Eronda namoyishchilarning o‘ldirilishi to‘xtatilgani va qatl qilishlar bekor qilingani haqida ma’lumot olganini aytgan. Nashr talqiniga ko‘ra, bu bayonot AQSH Prezidenti Eronga hujum qilish g‘oyasidan voz kechganining belgisi bo‘lgan.
Shunga o‘xshash murojaatlar AQSHning Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilaridan ham kelgan. Qatar, Ummon, Misr va Saudiya Arabistoni vakillari so‘nggi ikki kun ichida amerikalik hamkasblari bilan bog‘lanib, Tramp ma’muriyatini Eronga zarba berishdan tiyilishga chaqirgan. Ular bunday hujum butun mintaqada keng ko‘lamli mojaroga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
“Financial Times” nashri so‘nggi kunlarda odatda Eron rejimini ag‘darish tarafdori sifatida keskin bayonotlar berib kelgan Netanyaxuning “sezilarli darajada sukut saqlayotganiga” e’tibor qaratgan. Gazeta manbasiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Eron bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni Isroil ixtiyoriga topshirishga tayyor.
Qayd etish joiz, AQSH hukumati Eronga qarshi ehtimoliy harbiy choralarni 2025 yil dekabr oyi oxirida olovlangan norozilik namoyishlari fonida muhokama qila boshlagan edi. Namoyishlarga narxlarning keskin oshishi va rial kursining dollarga nisbatan keskin qadrsizlanishi sabab bo‘lgan.
13 yanvar kuni Tramp eronlik namoyishchilarga murojaat qilib, ularni davlat muassasalarini egallashga chaqirgan hamda “yordam allaqachon yo‘lda” ekanini aytgan. Jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Prezidenti bu so‘zlari bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan, biroq amerikalik fuqarolarning Erondan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan. “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida esa Tramp Tehronga nisbatan o‘zining yakuniy maqsadi g‘alaba ekanini aytgan, lekin bu tushunchani izohlab bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida Bosh kotib yordamchisi Marta Pobi eronliklar tinch va qo‘rqmasdan o‘z noroziliklarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerakligini aytgandi.
Live
Barchasi