“Yangiligim bor”. Tramp Eronda namoyishchilar ortiq qatl etilmasligini aytdi (video)
Olam
−
15 yanvar 4589 2 daqiqa
Kecha, 14 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘ylab namoyishlarga qarshi bostirish jarayonida odamlar o‘ldirilishi kamayayotganini va bundan keyin namoyishchilarning qatl etilishi bo‘yicha rejalar bo‘lmasligiga ishonishini aytdi. Bu haqda u Oval ofisda jurnalistlar bilan suhbatda gapirgan.
“Eron bo‘yicha bir qancha yangiliklarim bor. Juda muhim manbalarning aytishicha, o‘ldirishlar to‘xtatilgan va namoyishchilar endi qatl etilmaydi. Bugun ko‘plab qatl etishlar bo‘lishi kerak edi, lekin ular amalga oshmaydi. Biz buning sababini bilib olamiz. Men, albatta, bilib olaman”, degan u.
Tramp Eronda tartibsizliklar yuzaga kelgandan beri namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir necha marta tahdid qilgan. Shundan kelib chiqib, mutaxassislar AQSHning Eronga zarba berishi ehtimoli oshganini aytmoqda. Shu bilan birga, Trampning o‘zi ham harbiy aralashuvni to‘liq inkor etmagan.
Biroq ba’zi ekspertlar va mintaqaviy diplomatlarning ogohlantirishicha, harbiy aralashuv noroziliklarni bostirishni kuchaytirishi, namoyishchilarga nisbatan choralarni keskinlashtirishi va Eronning AQSH bazalariga raketa hujumlarini qo‘zg‘atishi mumkin.
Ayrim mutaxassislar esa AQSH zarbalari hukumatning tezroq qulashi va 90 million aholi yashaydigan mamlakat bo‘ylab tartibsizliklar yuzaga kelishiga, mamlakatda istiqomat qiluvchi kurd va beluj xalqlarining qo‘zg‘oloniga turtki berishiga va Eronning yadroviy hamda raketa dasturlari xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Eron rasmiylarining bildirishicha, namoyishlar boshlangandan beri 2 000 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Inson huquqlari tashkiloti esa o‘limlar sonini 2 600 dan oshiq deb baholamoqda. Ko‘plab ekspertlar bu raqamlar bundan ham yuqori ekanini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron hukumati norozilik namoyishi ishtirokchilarini osib qatl etishni rejalashtirmayotganini va bunday ssenariy hatto ko‘rib ham chiqilmasligini aytgandi.
Live
Barchasi