Netanyaxu Polshaga borsa ham hibsga olinadi
Olam
−
25 dekabr
1992Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 27 yanvar kuni Polsha hududida joylashgan Osvensim konslageri ozod etilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etsa, hibsga olinadi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladislav Bartoshevskiy agar Netanyaxu Polshaga kelsa, u mamlakatning Xalqaro jinoiy sud oldidagi majburiyatlariga muvofiq hibsga olinishini ta’kidlagan.
Konslager ozod etilishining yubileyi odatda katta davlat tadbiri hisoblanadi. Isroil rasmiylari Netanyaxu tadbirga borishi yoki bormasligini tasdiqlashdan bosh tortgan va Prezident Isxak Gersogning ishtiroki ham ehtimoldan yiroq. Shu sababli Ta’lim vaziri Yoav Kish marosimda Isroilning yagona vakili bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 21 noyabr kuni XJS Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order bergan. Ular 2023 yilning 7 oktyabridan 2024 yilning 20 mayiga qadar Falastin hududida, jumladan G‘azo sektorida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar deb topilgan. XJS dastlabki sud palatasi ularni qotilliklar, ta’qiblar va boshqa g‘ayriinsoniy xatti-harakatlar, shuningdek, urush olib borish yo‘lida tinch aholini ochlikka mahkum qilishda ayblamoqda.
Shuningdek, Ispaniya, Niderlandiya, Belgiya, Irlandiya, Litva va Sloveniya davlatlari Netanyaxuni diplomatik immunitetdan qat’i nazar hibsga olishlarini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olinishi bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderini bajarishi haqida xabar berilgandi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi