Netanyaxu Mudofaa vazirini ishdan oldi
Olam
−
06 noyabr
3856Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatdi. Bunga u o‘zaro ishonchning yetishmasligini sabab qilib ko‘rsatgan. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Mudofaa vaziriga topshirilgan va keyinroq Bosh vazir devoni tomonidan e’lon qilingan qisqa xatda Netanyaxu Galantga uning xizmat muddati ushbu xatni olganidan 48 soatdan so‘ng tugashini yozgan.
“So‘nggi oylarda men va Mudofaa vaziri o‘rtasida ishonch yo‘qoldi”, deydi Netanyaxu.
Qayd etilishicha, Netanyaxu Galant bilan urushni boshqarish jarayonini kelisha olmaganini va uning bayonotlari hamda harakatlari hukumat qarorlariga zid bo‘lganini bildirgan. Bosh vazir, shuningdek, Galantni Isroil dushmanlariga bilvosita yordam berganlikda ayblagan.
“Mudofaa vaziri bilan "ishonch inqirozi" harbiy kampaniyaning to‘g‘ri yo‘lda davom etishiga imkon bermaydi… Men bu tafovutlarni bartaraf etishga ko‘p urindim, lekin ular tobora kuchayib bordi”, deydi u.
Nashrning yozishicha, ushbu qaror Netanyaxu koalitsiyasida ultra-pravoslav erkaklarni harbiy xizmatdan ozod qilish borasidagi qonun loyihasi yuzasidan kuchaygan keskinlik fonida qabul qilingan.