Netanyaxu Isroilning peyjer portlashlariga aloqadorligini tan oldi
Olam
−
11 noyabr
4653Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z mamlakatining Livandagi signalizatsiya operatsiyasiga aloqadorligini tan olib, Livandagi “Hizbulloh” harakatining sentyabr oyida mamlakat bo‘ylab yuzlab aloqa moslamalari portlagan hujumini ma’qullaganini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 10 noyabr kuni kechqurun Isroil Bosh vaziri matbuot kotibi Omer Dostri ma’lum qildi.
Isroilning yuqori martabali harbiy amaldorlari operatsiyaga qarshi edi
“Peyjer operatsiyasi va Nasrullohga suiqasd yuqori martabali mudofaa amaldorlari va siyosiy qaror qabul qiluvchilarning qarshiliklariga qaramay amalga oshirildi”, dedi Netanyaxu Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.
“The Times of Israel” nashriga ko‘ra, gap yaqinda ishdan bo‘shatilgan mudofaa vaziri Yoav Galant haqida ketmoqda.
17 va 18 sentyabr kunlari Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlar va boshqa elektron qurilmalar portladi. 40 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 3 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Simsiz qurilmalarning portlashlari Isroil tomonidan 27 sentyabr kuni “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh o‘ldirilgan Livanga raketa hujumlaridan oldin sodir bo‘lgan.
“Hizbulloh” harakati voqeada Isroilni aybladi, biroq mamlakat Prezidenti Isxak Gersog Livandagi elektronika portlashiga aloqadorligini rad etdi.
OAV hujum tafsilotlarini oshkor qildi
Amerika va arab ommaviy axborot vositalari tez orada hujum tafsilotlarini oshkor qildi. “The Washington Post” gazetasi 2015 yilda Livanda birinchi minalangan radiolar paydo bo‘lgani, Isroil razvedka xizmati “Mossad” esa 2022 yildan buyon peyjerlarni portlatish bo‘yicha operatsiya tayyorlayotgani haqida xabar berdi.
“Reuters” agentligi manbalarga tayanib, Livandagi peyjerlarning portlashiga maxsus batareyalar sabab bo‘lganini xabar qildi. Ularda kichik, ammo kuchli plastik portlovchi zaryad va rentgen nurlariga ko‘rinmaydigan detonator bor edi.
Peyjerlarning o‘zlari shunday qilinganki, xabarlarni o‘qish uchun ularni ikki qo‘l bilan olish kerak edi.
“Oqibatda qurilmalar portlatilganda, ularning ko‘plab egalari qo‘llaridan jiddiy jarohat oldi va 500 ga yaqin “Hizbulloh” a’zosi ko‘rmay qoldi”, deb xabar berdi Saudiyaning “Al-Hadath” interaktiv axborot kanali.