Netanyaxu Isroilning G‘azoga hujumidan tinch aholi jabrlanayotganini tan oldi
Olam
−
18 Oktabr 2023
7802Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilning harbiy zarbalari oqibatida G‘azodagi tinch aholi jabrlanayotganini tan oldi. Bu haqda u bugun, 18 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bayonotida ma’lum qildi.
"Isroil terrorchilarga qonuniy hujum qilganda, afsuski, tinch aholi ham jabr ko‘radi. Buning uchun HAMAS aybdor va u barcha tinch aholi qurbonlari uchun javob berishi kerak", degan Netanyaxu.
Shu bilan birga, u Isroil G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlarini minimallashtirishga intilayotganini ta’kidlagan va yana anklav aholisini “xavfsizroq hududlarga ko‘chib o‘tishga” chaqirgan.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 3,3 ming kishi halok bo‘lgan, 13 ming kishi jarohatlangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,4 ming kishini tashkil etadi.
LiveBarchasi