Netanyaxu Isroilning AQSHdagi yangi elchisini tayinladi
Olam
−
09 noyabr
1657Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHda respublikachi Donald Tramp prezidentlik saylovlaridan g‘alaba qozonganidan so‘ng Isroilning sobiq ta’lim vaziri o‘rinbosari Yexiel Layterni mamlakatning AQSHdagi yangi elchisi etib tayinladi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri devonining maslahatchisi Dmitriy Gendelman o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Bosh vazir Binyamin Netanyaxu doktor Yexiel Layterni Isroilning AQSHdagi elchisi etib tayinlashga qaror qildi”, deya yozgan u.
Netanyaxu yangi elchi iste’dodli diplomat va notiq ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Layterning o‘zi ham Amerika Qo‘shma Shtatlarida tug‘ilgan va Amerika ma’muriyati hamda mamlakati bilan yaxshi tanish. Uning o‘g‘li, mayor Moshe Yedidya esa 2023 yil 10 noyabrda G‘azodagi janglarda halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Layter davlat xizmatida bir qancha yuqori lavozimlarda ishlagan. Boshqa ishlar bilan bir qatorda, u Ta’lim vazirligi Bosh direktorining o‘rinbosari, Moliya vaziri apparati rahbari va Isroil dengiz portlari kompaniyasi direktorlar kengashi raisi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Yoav Galantni Mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatish haqida qaror qabul qilgandi. 8 noyabr kuni esa Tel-Avivdagi Isroil Mudofaa vazirligi majmuasida yahudiy davlati mudofaa idorasining yangi rahbari Isroil Katsning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tgandi.
Muhammad Hodiyev