Netanyaxu BMT kuchlarini Livandan olib chiqishni so‘radi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Livan janubidagi UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini hujumdan “zudlik bilan” olib chiqishni so‘radi. Tegishli videomurojaat kecha, 13 oktyabr kuni isroillik siyosatchining ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilindi.

Netanyaxuning fikricha, tinchlikparvar kuchlarni evakuatsiya qilishdan bosh tortib, BMT ularni “Hizbulloh”ning “garoviga” aylantirmoqda.

"Bu ularni ham, askarlarimiz hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi", deya qo‘shimcha qildi u.

UNIFIL’ning ma’lum qilishicha, 13 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 04:30 da SAXALning ikkita tanki tinchlikparvar kuchlar joylashgan pozitsiyaning asosiy darvozasini buzib, “majburiy ravishda” kirgan. Isroil harbiylari bazada chiroqlarni o‘chirishni talab qilgan.

Bundan bir kun oldin esa UNIFIL vakili Andrea Tenenti AFP’ga bergan intervyusida Isroil tomonining iltimoslariga qaramay tinchlikparvar kuchlar mintaqani tark etmasligini aytdi.

11 oktyabr kuni esa BMTning Livan janubidagi muvaqqat kuchlari Isroil tankining UNIFIL shtab-kvartirasidagi kuzatuv minorasiga borib urilgani oqibatida ikki tinchlikparvar askari yaralangani haqida xabar berdi.

Isroil Bosh vaziri Netanyaxu tinchlikparvar kuchlar bilan sodir bo‘lgan voqealarni izohlar ekan, u Muvaqqat kuchlar askarlari yaralanganidan "afsusda" ekanini aytdi va "bunday bo‘lishining oldini olish uchun hamma narsani qilishga" va’da berdi.

"Ammo buni ta’minlashning eng oddiy va eng aniq yo‘li ularni xavfli zonadan olib chiqishdir", dedi u.

Livan Bosh vaziri Najib Mikati Binyamin Netanyaxuning UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini olib chiqish haqidagi chaqirig‘ini qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vazirining Guterrishga bergan ogohlantirishi “dushmanning xalqaro me’yorlarga rioya qilmaslik yondashuvida yangi bobni ifodalaydi”.

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, o‘z navbatida, Netanyaxu bilan telefon suhbatida Livandagi UNIFIL tinchlikparvar kuchlarining xavfsizligini ta’minlash majburiyati haqida eslatdi. U, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining Livan bo‘yicha 1701-rezolyutsiyasini “to‘liq amalga oshirishga” chaqirdi va mintaqadagi mojaroni yumshatish zarurligini ta’kidladi.

BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasi Isroilni Moviy chiziqdan tashqariga chiqib ketishga va Livandagi Litani daryosi bilan o‘rtasidagi hududni demilitarizatsiya qilishga chaqiradi, bu yerda faqat Livan armiyasi va BMTning Livandagi vaqtincha tinchlikparvar kuchlariga (UNIFIL) tegishli qurol va harbiy texnika saqlanishi kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Antoniu Guterrish Livan Bin'yamin Netan'yaxu UNIFIL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing