Netanyaxu bilan G‘arbiy sohil masalasida to‘liq kelishmadik – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 29 dekabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohil masalasida to‘liq bir fikrga kelmaganini aytdi. Biroq respublikachi lider qaysi masalada kelishmovchilik borligini aniq aytmadi.

Florida shtatining Mar-a-Lago qarorgohida Netanyaxu bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan brifingda Trampdan G‘arbiy sohil bo‘yicha Netanyaxuga qandaydir xabari bor-yo‘qligi va u yerdagi yahudiy ko‘chmanchilar zo‘ravonligi tinchlik jarayoniga putur yetkazishidan xavotirdamisiz, deb so‘rashdi.

“Biz G‘arbiy sohil haqida uzoq vaqtdan beri katta muhokamalar olib boryapmiz. Aytmasdimki, bu masalada 100 foiz kelishganmiz, lekin G‘arbiy sohil bo‘yicha bir qarorga kelamiz”, dedi Tramp.

Ular o‘rtasidagi kelishmovchilik nima ekani haqida so‘ralganda esa Tramp: 

“Men hozir buni ochiqlamoqchi emasman, vaqti kelib e’lon qilinadi. Netanyaxu to‘g‘ri qaror qabul qiladi”, dedi Prezident.

Isroil so‘nggi paytlarda G‘arbiy sohilda falastinliklarga qarshi ko‘chmanchilar tomonidan qilingan hujumlarni cheklash bo‘yicha xalqaro bosimga duch kelmoqda. 2,7 million falastinlik yashaydigan G‘arbiy sohil Isroil bilan birga kelajakda Falastin davlati tuzish rejalarining markazida turib kelmoqda.

BMT, falastinliklar va dunyoning aksar davlatlari G‘arbiy sohildagi yahudiy qo‘nish joylarini xalqaro huquqqa zid, deb hisoblaydi. Isroil esa bunga qo‘shilmay, yer bilan bog‘liq bibliyaviy aloqalar va xavfsizlik masalalarini dalil qiladi. Hozirda G‘arbiy sohilda taxminan 500 ming isroillik ko‘chmanchi yashaydi.

BMTning eng oliy sudi o‘tgan yili Isroilning Falastin hududlarini ishg‘ol qilishi va u yerdagi qo‘nish joylari noqonuniy ekanini hamda ular tugatilishi kerakligini bildirgan edi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan 2025 yil oktyabrigacha G‘arbiy sohilda mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan – ularning aksariyati xavfsizlik kuchlari operatsiyalari davomida, bir qismi esa ko‘chmanchilar zo‘ravonligi oqibatida. Shu davrda falastinliklar hujumlari natijasida 57 nafar isroillik halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Bin'yamin Netan'yaxu G'arbiy sohil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing