Netanyaxu hali G‘azodagi barcha maqsadlariga erishmaganini aytdi
Olam
−
16 Oktabr 2025 3069 2 daqiqa
G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning falastinliklar ustidan yakuniy g‘alabaga erishmoqchi emasligini anglatmaydi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
“Biz shubhasiz bu urushning barcha maqsadlariga erishamiz”, dedi u.
Netanyaxuning qayd etishicha, kurash hali tugamagan va u “yakuniy g‘alabaga erishmoqchi” hamda G‘azoda o‘ldirilgan barcha isroillik garovga olinganlarning jasadlarini oilalariga qaytarish niyatida.
Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida gapirar ekan, Bosh vazir, shuningdek, “qayta qurollanmoqchi bo‘lgan dushmanlari tomonidan hali ham jiddiy muammolarga duch kelayotganini” ta’kidladi, biroq ayni paytda qo‘shni arab davlatlari bilan munosabatlarni normallashtirish uchun ham jiddiy imkoniyatlar mavjudligini aytdi.
Netanyaxu avvalroq Falastinning HAMAS harakatini qurolsizlantirish G‘azo sektoridagi tinchlik jarayonidagi navbatdagi muhim qadam ekanini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu amalga oshmasa, “haqiqiy tartibsizlik boshlanadi”. Biroq HAMAS qurolini tashlashga hali tayyor emasligini bildirdi.
9 oktyabrga o‘tar kechasi Tramp Isroil hukumati va HAMAS G‘azo mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSH taklif qilgan rejaning birinchi bosqichiga kelishib olganini ma’lum qildi. Falastinlik mahbuslar evaziga isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil qo‘shinlarini qisman olib chiqib ketish bu rejaning birinchi bosqichini tashkil etadi. Netanyaxu idorasi Isroil hukumati HAMAS bilan kelishuvning birinchi bosqichini ma’qullaganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 13 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Misrning Sharm-al-Shayx shahrida o‘tgan sammitda mintaqadagi boshqa rahbarlar – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birga G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolab, uni “juda muhim imzolash marosimi” deb ta’kidladi.
Live
Barchasi