Nepaldagi suv toshqini qurbonlari orasida o‘zbekistonliklar bormi?

Jamiyat

image

Nepal va Tibetda yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning Dehlidagi, ayni paytda Nepalda ham faoliyat yuritayotgan elchixonasi ma’lumotlariga tayanib, “Dunyo“ axborot agentligi xabar berdi.

Elchixonaga ko‘ra, diplomatik vakolatxona tegishli idoralar bilan doimiy aloqada bo‘lib, tabiiy ofat oqibatlari va vaziyat rivojini muntazam kuzatib bormoqda.

Himolay daryosiga loy va tosh massasining qulashi oqibatida yuzaga kelgan suv va vayronalar oqimi yo‘llar, uylar hamda infratuzilmani yuvib ketgan. Nepalda kamida 165 kishi halok bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini bildirgan.

Mamlakatda 826 kishi, jumladan, 500 ga yaqin xorijlikning qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda. Bedarak yo‘qolganlar orasida Hindistonning 177, AQSHning 63, Avstraliyaning 34, Buyuk Britaniyaning 33 va Kanadaning 25 nafar fuqarosi bor.

Qidiruv-qutqaruv ishlariga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va politsiya xodimi jalb etilgan. Qutqaruvchilar 125 kishini, jumladan, 20 nafar xorijlikni topib, xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.

Jabrlangan hududlarga chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zarur vositalar yetkazib berilmoqda. Biroq qutqaruv ishlarini yangi suv va loy ko‘chkilari xavfi hamda prognoz qilinayotgan yomg‘irlar murakkablashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Nepal va Tibetda kecha, 26 avgust kuni yuz bergan halokatli suv toshqinlari oqibatida 1,5 mingga yaqin kishi, jumladan, 700 dan ortiq xorijlik bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing