Nepalda hayvonlar ommaviy qurbon qilinmoqda
Olam
−
10 dekabr
7063Nepalda mahalliy diniy marosim ortidan hayvonlar ommaviy tarzda qurbon qilinmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, 9-10 dekabr kunlari Bariyapur chegara shahridagi Gadhimai ibodatxonasida sigir, echki, tovuq, cho‘chqa, o‘rdak va hatto sichqonlar ham qurbonlik uchun o‘ldirilmoqda. Ushbu marosim har besh yilda bir marta o‘tkaziladigan bir oylik festivalning bir qismi hisoblanadi.
Nepal va Hindistondan minglab dindorlarni o‘ziga jalb qiluvchi Gadhimai festivali dunyodagi eng yirik hayvon qurbonlik qilish marosimi hisoblanadi. Ushbu tadbirda qilich ko‘targan erkaklarning minglab hayvonlarni so‘yayotgani aks etgan suratlar xalqaro noroziliklarni keltirib chiqargan.
Faollar bu yil 500 minggacha hayvon qurbon qilinishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa oldingi ikki festivaldagidan ikki baravar ko‘p.
“Humane Society International India” tashkilotining hukumat ishlari bo‘yicha katta menejeri Arkaprava Bhar oldingi festivallardagi qurbonlik marosimlarini kuzatganini va bu manzara nihoyatda hayratga solganini aytgan. Faollar buni “qonli sahna” sifatida tasvirlagan.
“Hudud butunlay sigir boshlari va qonga to‘lgan edi. Bu juda vahshiy va gigiyenaga to‘g‘ri kelmasdi hamda sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin edi. Voqeani ko‘rayotgan ko‘plab bolalar uchun bu ruhiy jarohat yetkazishi mumkin”, deydi Bhar.
Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, Gadhimai ibodatxonasidagi an’ana 250 yildan ortiq vaqtdan beri davom etib kelmoqda. Bu an’ana bir vaqtlar qamoqqa olingan feodal yer egasining tushiga kirgan bo‘lib, unda feodal Gadhimaida ommaviy hayvon so‘yish orqali muammolarini hal qilish mumkinligini ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida joylashgan maktabda maktab egasi va bir necha xodimlar 11 yoshli o‘quvchini qurbonlik sifatida o‘ldirgan edi.
LiveBarchasi