Nepal va Xitoydagi tabiiy ofat qurbonlari ming nafardan oshdi
Olam
−
11:56 366 2 daqiqa
Nepal va Xitoyda yuz bergan halokatli suv toshqinlari oqibatida vafot etganlar soni ming nafardan oshdi. Nepalning o‘zida 987 kishi halok bo‘ldi, qariyb 4 ming kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Associated Press“ xabar berdi.
Nepal tabiiy ofatlar bo‘yicha agentligi bugun, 1 sentyabr kuni mamlakatda 987 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Yana 3 ming 916 kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning 583 nafari xorijliklardir.
Xitoy rasmiylari esa mamlakatda 16 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Shu tariqa ikki davlatdagi tabiiy ofat qurbonlari soni kamida 1 ming 3 nafarga yetgan.
Ayni paytda qutqaruv guruhlari kamida 12 ta gidroelektr stansiyasida qolib ketgan ishchilarni qidirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, tabiiy ofat joriy yilning 26 avgust kuni Himolay tog‘larida muzlikning qulashi ortidan boshlangan. Katta miqdordagi tosh, muz va erigan suv vodiylarga oqib tushib, quyi oqimlarda kuchli suv toshqinlarini yuzaga keltirgan.
Olimlarning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosidagi tahliliga ko‘ra, hodisa muzlik ostidagi tog‘ jinslarining yemirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tosh va muz massalarining qulashi kuchi 5,2 magnitudali seysmik hodisa sifatida qayd etilgan.
Qayd etilishicha, Nepalning ayrim hududlarida shaxsi aniqlanmagan jasadlar sog‘liq uchun xavf kuchaygani sababli vaqtincha ko‘milmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepaldagi ko‘chki va suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 900 kishidan oshgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi