Nepal qidiruv-qutqaruv emas, texnik yordamga muhtoj – TIV rahbari

Olam

image

Nepal Xitoy bilan chegaradosh hududlarda yuz bergan vayronkor suv toshqinlaridan so‘ng xorijiy davlatlardan qidiruv-qutqaruv guruhlarini yuborishni emas, balki texnik va maxsus yo‘nalishlarda yordam berishni so‘ramoqda. Bu haqda Nepal Tashqi ishlar vaziri Shisir Xanal “Reuters” agentligiga ma’lum qildi.

Joriy yilning 25 avgust kuni muzliklarning qulashida so‘ng Himolay tog‘laridagi daryo tizimlari bo‘ylab ulkan tosh, muz, loy va boshqa chiqindilar oqimi yuzaga kelgan. Tabiiy ofat Nepal va Xitoyning Tibet hududida 600 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 2 mingdan ortiq odam esa bedarak yo‘qolgan.

Suv toshqini Xitoy chegarasi yaqinidagi hududlarni vayron qilib, butun boshli shaharchalarni yakson qilgan hamda gidroelektr stansiyalariga zarar yetkazgan.

“The Kathmandu Post” nashrining xabar berishicha, Hindiston, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Shri-Lanka va Bangladesh hukumatga o‘z qidiruv-qutqaruv guruhlarini yuborishni taklif qilgan.

Biroq Shisir Xanalning aytishicha, Nepalga umumiy qidiruv-qutqaruv ishlarida xorijiy yordam kerak emas. Mamlakatning o‘z qutqaruvchilari bu ishlarni amalga oshirmoqda.

“Bizda yetarli tajriba va texnik bilim bo‘lmagan sohalarda ixtisoslashgan xizmatlar va texnik yordam so‘radik”, degan vazir.

Qayd etilishicha, Nepal tonnellarda qolib ketgan odamlarni qutqarish, vayron bo‘lgan ko‘priklar sabab uzilgan transport va aloqa tizimlarini tiklash, halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash, DNK testlarini o‘tkazish hamda jasadlarni uzoqroq muddat saqlash bo‘yicha yordamga muhtoj.

Hindiston va Xitoydan esa tabiiy ofat oqibatida vayron bo‘lgan hududlarda transport va aloqani tezroq tiklash uchun ko‘priklar so‘ralgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda qariyb 24 ta ko‘prik vayron bo‘lgan.

Nepal TIV kecha, 27 avgust kuni mamlakat qutqaruv ishlarini hozircha mustaqil ravishda olib bora olishini bildirgan va xorijiy qutqaruvchilarning ishtirokini rad etgan. Xanalning ta’kidlashicha, bunga sabab xorijiy guruhlarning Nepal qutqaruvchilari bajarayotgan ishlarni takrorlashiga ehtiyoj yo‘qligidir.

Nepal qutqaruv xizmati vakillariga ko‘ra, ko‘plab jasadlar suv oqimi bilan oqib ketgan. Ularning bir qismi ofat markazidan qariyb 100 kilometr uzoqlikdagi Chitvan va Navalparasi hududlaridan topilgan.

“Bu hududlardan yana ko‘plab jasadlar topilishi mumkin. Shifoxonalar jasadlar bilan to‘lib ketgan, ularni saqlash uchun sovutkichlar yetishmayapti”, degan Xanal.

Nepal rasmiylariga ko‘ra, suv toshqini maktablar, shifoxonalar, gidroelektr stansiyalari, yo‘llar, ko‘priklar va boshqa infratuzilmalarga katta zarar yetkazgan. Kelgusida mamlakatga vayron bo‘lgan hududlarni tiklash va aholini reabilitatsiya qilish uchun ham xorijiy yordam kerak bo‘lishi mumkin.

Xanalning so‘zlariga ko‘ra, ayrim odamlar gidroelektr stansiyalarining tonnellarida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Nepal tonnellarda qutqaruv ishlarini olib borish bo‘yicha katta tajribaga ega emas va bunday operatsiyalar uchun maxsus uskunalar hamda texnik bilimlarga muhtoj.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepalning Rasuva, Nuvakot va Dxading tumanlariga yopirilgan vayronkor sel oqimi oqibatida kamida 17 ming nafar bola jabr ko‘rgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing