Nepalda 17 mingdan ortiq bola shoshilinch yordamga muhtoj – UNICEF

Olam

image

Joriy yilning 26 avgust kuni Nepalning Rasuva, Nuvakot va Dhading tumanlariga yopirilgan vayronkor sel oqimi oqibatida kamida 17 ming nafar bola jabr ko‘rdi. Bu haqda UNICEF xabar berdi.

Hozirga qadar olingan baholashlarga ko‘ra, 500 dan ortiq odam, jumladan, kamida 14 nafar bola halok bo‘lgan, yuzlab odamlar hanuz bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda. Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari davom etar ekan, qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

“Rasuva va Dhadingdagi bolalar juda qisqa vaqt ichida o‘z hayotlari ko‘z oldilarida yuvilib ketganiga guvoh bo‘lishdi: uylar, sinfxonalar va tibbiyot muassasalariga zarar yetdi. Juda ko‘p odamlar o‘z hayotini va yaqinlarini yo‘qotdilar”, deydi UNICEF’ning Nepaldagi vakili Alisa Akunga.

Alisa Akunganing aytishicha, qurbonlar soni ortishda davom etar ekan, ushbu fojia hali tugashdan yiroq. Suv toshqinidan omon qolgan bolalar endi kasalliklar, oziq-ovqat yetishmovchiligi, zo‘ravonlik va ekspluatatsiya xavfiga duch kelmoqda. UNICEF joylarda ishlamoqda va yordam ko‘lamini kengaytirmoqda, ammo yordamga muhtoj har bir bolaga ko‘maklashish uchun zudlik bilan ko‘proq resurs zarur.
 
18 ta maktab butunlay vayron bo‘lgan, yana 20 tasi zarar ko‘rib, bolalarni ta’lim olish, o‘ynash va tiklanish uchun xavfsiz joylardan mahrum qilgan. Ofatdan jabrlangan hududlarda o‘nlab maktablar daryo qirg‘oqlari yaqinida joylashgan va hanuz xavf ostida qolmoqda. Taxminlarga ko‘ra, maktab yoshidagi 10 mingga yaqin bola ta’limni davom ettirish uchun shoshilinch qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, vaqtinchalik o‘quv markazlariga kirish, o‘quv materiallarini almashtirish hamda bolalar va o‘qituvchilar uchun psixosotsial yordamga muhtoj.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Xitoyda muzlik qulashi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlarida kamida 552 kishi halok bo‘ldi, qariyb ming kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nepalda 547 kishi, Xitoyning Tibet hududida esa 5 kishi halok bo‘lgan. Ikki mamlakatda qariyb 1 ming kishi bedarak yo‘qolgan. Ularning kamida 540 nafari xorijiy fuqarolar bo‘lib, ko‘pchiligi Hindistondan Tibetdagi Kaylash tog‘i va Manasarovar ko‘liga ziyoratga yo‘l olganlar hisoblanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing