Nemis murabbiyi futbol vatanining bosh jamoasiga ustozlik qiladi
Sport
−
16 Oktabr
2120Germaniyalik mutaxassis Tomas Tuxel Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Tuxel 2025 yilning 1 yanvaridan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Unga murabbiy Entoni Barri yordam beradi. Tuxel va Barrini murabbiylikka olib kelish qarori o‘tgan hafta boshida assotsiatsiya kengashi tomonidan ma’qullangan va Tuxel 8 oktyabrda shartnoma imzolagan. Bildirilishicha, endigina yakunlangan xalqaro yig‘indan chalg‘imaslik uchun e’lon kechiktirildi.
“Men Angliya terma jamoasini boshqarish sharafiga sazovor bo‘lganimdan juda faxrlanaman. Bu mamlakatda futbol bilan aloqani anchadan beri his qilganman va bu yer menga aql bovar qilmaydigan lahzalarni taqdim etgan. Yordamchim bo‘ladigan Entoni bilan birgalikda Angliyaning muvaffaqiyat qozonishi uchun hamma narsani qilamiz”, deydi Tuxel.
“Uch sherlar”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Li Karsli esa yil oxirigacha jamoani boshqarishda davom etadi. Keyin esa 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jamoasi bilan ishlashga qaytadi. Karsli Garet Sautgeyt ketganidan so‘ng avgust oyidan beri “Uch sherlar”ning vaqtinchalik murabbiyi bo‘lib ishlab kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Tuxel 51 yoshda. Mutaxassis faoliyati davomida “Mays”, “Borussiya Dortmund”, Fransiyaning “Pari Sen-Jermen”, Londonning “Chelsi” va “Bavariya” klublarida ishlagan. Tuxel ikki karra Fransiya chempioni, Germaniya chempioni, Yevropa Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibi, UEFA Superkubogi sohibi hisoblanadi.
LiveBarchasi