Nemis harbiylari o‘rtasidagi suhbatning sizdirilishi Rossiya axborot urushining bir qismidir – Pistorius
Olam
−
04 mart
8039Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius nemis oliy martabali harbiy xizmatchilari o‘rtasidagi suhbatning Rossiya OAV tomonidan chop etilishini Moskva olib borayotgan axborot urushining bir qismi deb atadi. Bu haqda u kecha, 3 mart kuni bayonot berdi.
"Bu Putin olib borayotgan axborot urushining bir qismi. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Bu gibrid dezinformatsion hujum. U bo‘linishga, bizning birligimizni buzishga qaratilgan”, deydi Pistorius.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya taslim bo‘lmasligi, qat’iy, ammo ehtiyotkor munosabatda bo‘lishi kerak. Vazir Germaniya ehtimoliy josuslik urinishlarining "oldini olish yoki murakkablashtirish" uchun hamma narsani qilishi kerakligini aytdi.
Ma’lumot uchun, Kiyev uzoq vaqtdan beri Germaniya Ukrainaga 500 kilometr masofadagi nishonlarni urib tushira oladigan TAURUS raketalarini yetkazib berishini ta’kidlab keladi. Germaniya kansleri Olaf Shols esa Rossiya bilan ziddiyatni kuchaytirib yuborishidan cho‘chib, hozircha bunday qilishdan bosh tortmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni “Rossiya Segodnya” media guruhi va “Russia Today” telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan Germaniya Bundesverining yuqori martabali zobitlari “Qrim ko‘prigini qanday bombardimon qilish”ni muhokama qilgan audioyozuvni e’lon qilgandi. Audioyozuvda harbiylar TAURUS raketalarini qanday o‘rnatish va Qrim ko‘prigi orqali "qizil chiziq"ni kesib o‘tmaslik va Ukrainadagi mojaroning yaqqol ishtirokchisiga aylanmaslik uchun ukrainalik harbiylarni raketalarni uchirishga o‘rgatish haqida gaplashayotgani yozib olingan.
LiveBarchasi