Nega O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanish ko‘payib ketmoqda?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda koronavirusga chalinganlar soni ortib bormoqda. So‘nggi bir necha sutkada deyarli butun mamlakat bo‘ylab yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Kunlik kasallanish holatlari 400 dan oshib ketdi. Koronavirus avj olishi taxmin qilingan qish faslida barqaror bo‘lib turgan vaziyat nega kunlar isishi bilan og‘irlashib bormoqda?

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda mamlakatda nega koronavirusga chalinganlar ortib borayotganiga oydinlik kiritdi.

Ubaydullayevaga ko‘ra, bunga bir qancha sabablar bor. Shulardan biri aholining niqob taqmay qo‘ygani — bu infeksiyani odamdan odamga yuqish uchun juda qulay sharoit yaratadi. Hozir kunlar issiq, havo quruq bo‘lgani uchun virusning havoda harakatlanishiga to‘sqinlik yo‘q va u bemalol insonlarning yuz va qo‘l terisiga yoki ko‘z shilliq qavatiga, havodagi virus esa burun shilliq qavvatiga yoki tomoqqa tushadi hamda hujayra ichiga kirib, kasallik chaqirishga imkoniyat qidiradi.

“Qo‘llarni sovunlab yuvmay yoki spirtli antiseptiklardan foydalanmay qo‘ydik — bu esa qo‘l terisiga tushgan virusning tozalanmasligiga olib kelmoqda. Qo‘llar ko‘z, burun yo og‘izga tekkizilganda virus organizmga tushadi, natijada bu kasallik chaqirishni yanada kuchaytiradi", deya ta’kidladi shtab vakili.

Ijtimoiy masofani saqlash unutilgan. Juda ko‘p to‘y-hashamlar, tug‘ilgan kunlar va odamlar to‘planishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlar juda ko‘p o‘tkazilmoqda. Bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarda:

•    bir oila a’zolaridan tashqari bir necha oilalar va odamlar soni 30 dan ortib ketmoqda;

•    tadbirlar yopiq joylarda, umumiy sig‘imdan 50 foizdan ortiq odamlar ishtiroki kuzatilmoqda, ya’ni agar 100 kishilik to‘yxonada tadbir bo‘lsa, talab bo‘yicha 50 kishidan ortmasligi kerak, lekin bugungi kunda to‘y-hashamlarda 100-150 tadan odam ishtirok etmoqda;

•    bunday ko‘ngilochar tadbirlarga hech kim oldindan PZR-testini topshirmaydi va kelayotgan mehmonlardan test natijasi so‘ralmaydi;

•    kelayotgan mehmonlarning tana harorati o‘lchanmaydi;

•    niqoblar taqilmaydi va spirtli antiseptiklar bilan tez-tez qo‘llar ishlov berilmaydi.

“Axir biz to‘y-hashamlarga ko‘ngil ochish uchun boramiz, unda ovqatlanish kerak, bunda uzoq davom etuvchi suhbatlar va muloqotlar bo‘ladi. Bularning hammasi — koronavirus tarqalishiga katta zamin yaratmoqda”, deydi Ubaydullayeva.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

463

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing