Nega ular Xitoyni chiqishtirmaydi?

Tahlil

image

06.07.2018 yil. Aynan shu kuni Tramp ma’muriyati Xitoydan import qilinadigan 34 milliard dollarlik tovarlarga 25 foizlik ilk bojlarni kuchga kiritdi. Bu kun tarixda Xitoy bilan savdo urushi boshlangan sana sifatida qoldi.

Bir vaqtlar erkin bozor, ochiq raqobat va proteksionizmga qarshi kurashni targ‘ib qilib kelgan davlatlarning o‘zi endi bojlarni oshirmoqda, subsidiyalar ajratmoqda va ayrim xorijiy mahsulotlarga turli cheklovlar qo‘ymoqda. Eng qizig‘i, bu choralar ko‘pincha bir davlatni nishonga olgan va bu davlat – Xitoy.

Elektr avtomobillaridan tortib quyosh panellari, po‘lat, alyuminiy, yarimo‘tkazgichlar va boshqa ko‘plab mahsulotlargacha bo‘lgan sohalarda Pekin bilan savdo tobora siyosiy tus olmoqda. Ularning arzonligi va sifat jihatidan ham raqobatbardosh ekanligi ko‘plab davlatlardagi ishlab chiqaruvchilarni “sindirmoqda”. Aynan shu sabab ham ba’zi davlatlar bu arzon tovarlarni ichki bozorda atay qimmatlashtirishga tushgan.

Xo‘sh, nega dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari Xitoy mahsulotlarini bozorga bemalol kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinmoqda? Agar Xitoy ishlab chiqarayotgan mahsulotlar arzon va sifat jihatidan raqobatbardosh bo‘lsa, bozorning o‘zi g‘olibni aniqlashi kerak emasmi?

Ushbu maqolada yuqoridagi savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Xitoy mahsulotlari nega arzon?

So‘nggi yigirma yil ichida dunyo bozorlarida “Made in China” yorlig‘ini deyarli barcha mahsulotlarda ko‘rish mumkin bo‘lib qoldi. Bugun ko‘chaga chiqqanimizda taqayotgan ko‘zoynagimizdan tortib, oyog‘imizdagi paypoqqacha, qo‘limizda turgan telefondan minib yurgan mashinamizgacha, xullas, kundalik hayotimizda nimaniki ishlatmaylik, barchasini ishlab chiqarishda Xitoy yetakchi. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy bugungi kunda dunyo sanoat ishlab chiqarishining qariyb 30 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich AQSH, Yaponiya hamda Germaniya ishlab chiqarishini qo‘shib hisoblaganda ham yuqori.

Biroq G‘arb davlatlarini tashvishi boshqa. Ularni xavotirga solayotgan masala – Xitoyning ko‘p mahsulot ishlab chiqarayotgani emas, balki ularni deyarli barcha raqobatchilaridan arzon narxda taklif qila olayotganidir.

Buning ortida faqat arzon ishchi kuchi turibdi, degan qarash bugun eskirdi. Vaholanki, bugun xitoyliklar oyiga siz-u bizdan ko‘p daromad topsa topadiki, kam topmasa kerak. Darhaqiqat, 2000-yillar boshida Xitoyning ustunligi asosan past ish haqi bilan izohlangan. Ammo bugungi Xitoyda sanoat ishchisining o‘rtacha maoshi Janubi-Sharqiy Osiyodagi ko‘plab davlatlardan yuqori.

Yangi davr shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun eng muhim omillardan biri – davlatning iqtisodiyotdagi faol ishtiroki. Ya’ni mamlakatda bozor mexanizmlari ishlaydi, biroq strategik tarmoqlar ustidan davlat nazorati saqlanib qolgan. Pekin elektromobillar, batareyalar, quyosh panellari, yarimo‘tkazgichlar, kemasozlik va boshqa ustuvor sohalarga ulkan subsidiyalar ajratadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi yigirma yilda Xitoy kompaniyalarining global bozor ulushini oshirishdagi o‘sishning qariyb 60 foizi davlat subsidiyalari bilan izohlanadi. Ayrim yirik ishlab chiqaruvchilar esa xorijdagi raqobatchilariga nisbatan 3–8 barobar ko‘proq davlat yordamini oladi.

Bunday yordam faqat bevosita pul ajratish bilan cheklanmaydi. Davlat banklari past foizli kredit beradi, mahalliy hukumatlar yer maydonlarini imtiyozli narxda ajratadi, elektr energiyasi va logistika xarajatlari qo‘llab-quvvatlanadi. Natijada korxonalar ishlab chiqarish tannarxini keskin pasaytirishga muvaffaq bo‘ladi.

Ikkinchi muhim omil – ishlab chiqarishning ulkan miqyosi. Xitoyda bitta sanoat klasterida yuzlab, ba’zan minglab yetkazib beruvchilar faoliyat yuritadi. Masalan, Shenchjen shahri elektronika sanoatining global markaziga aylangan bo‘lsa, Chjetszyan va Guandun viloyatlarida minglab ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchilari bir-biridan bir necha kilometr masofada joylashgan. Natijada logistika xarajatlari kamayadi, ishlab chiqarish tezlashadi va “masshtab iqtisodiyoti” (economies of scale) tufayli mahsulot tannarxi yanada pasayadi.

Yana bir omil – eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy model. Xitoy ichki iste’moldan ko‘ra, ishlab chiqarish va eksportni ustuvor yo‘nalish sifatida tanlagan. Bu esa korxonalarni juda katta hajmda mahsulot ishlab chiqarishga undaydi. Korxona million dona mahsulot ishlab chiqarganda bitta mahsulotga to‘g‘ri keladigan doimiy xarajatlar keskin kamayadi. Shu sababli Xitoy kompaniyalari ba’zan juda past foyda marjasi bilan ham ishlashga tayyor bo‘ladi. Muhimi – global bozor ulushini egallash.

Ammo aynan shu model bugungi bahslarning markazida turibdi. G‘arb iqtisodchilari buni “ortiqcha ishlab chiqarish” deb ataydi. Ya’ni ichki talabdan ancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarilib, ortiqcha hajm tashqi bozorlarga chiqariladi. Natijada narxlar pasayadi va boshqa davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar raqobat qilishda qiynaladi.

Kapitalistik iqtisodiyotlarda esa vaziyat boshqacha. AQSH yoki Yevropadagi kompaniyalar investorlar oldida daromadlilikni ta’minlashi kerak. Davlatning iqtisodiyotga bevosita aralashuvi ancha cheklangan, subsidiyalar esa qat’iy qoidalar asosida beriladi. Bundan tashqari, ish haqi yuqori, ekologik talablar qattiq, mehnat xavfsizligi standartlari va soliqlar ham sezilarli darajada ko‘p. Masalan, Germaniya yoki Fransiyada zavod qurish va uni yuritish qiymati Xitoydagidan bir necha barobar qimmatga tushishi mumkin. Shu bois bir xil mahsulotni bir xil narxda sotish ko‘pincha iqtisodiy jihatdan imkonsiz bo‘lib qoladi.

Ayniqsa, elektromobillar bunga yaqqol misol bo‘ldi. Xitoy kompaniyalari so‘nggi yillarda BYD, SAIC va Geely kabi brendlar orqali global bozorda keskin o‘sishga erishdi. Yevropa komissiyasi o‘tkazgan tekshiruvlar ayrim ishlab chiqaruvchilar davlat subsidiyalaridan foydalanayotgani haqidagi xulosaga kelgach, Xitoy elektromobillariga qo‘shimcha bojlar joriy etish tashabbusini ilgari surdi. AQSH esa ayrim Xitoy elektromobillariga 100 foizlik tarif qo‘llashgacha bordi. Buning sababi faqat siyosiy qarama-qarshilik emas, balki mahalliy sanoatni saqlab qolish istagi deb izohlandi. 

Shu nuqtada aniq to‘xtamga kelish ham qiyin: bu proteksionizmmi yoki zaruratmi? G‘arbning liberalist davlatlari bozor g‘olibni o‘zi tanlashini aytadi. Ammo agar bir tomonda davlat tomonidan keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanayotgan ishlab chiqaruvchilar, ikkinchi tomonda esa bozor qonunlari asosida ishlayotgan kompaniyalar tursa, raqobatning o‘zi ham teng sharoitda kechmaydi. Shu sababli AQSH va Yevropadagi ko‘plab siyosatchilar bojlarni erkin savdodan voz kechish emas, balki “o‘yin qoidalarini tenglashtirish” vositasi sifatida talqin qiladi.

AQSHning yangi bojlari Xitoy uchunmi?

Joriiy yilning 24 iyulidan boshlab AQSH tomonidan ilgari surilgan yangi savdo choralarining asl tubida savdo urushining ikkinchi bosqichi turibdi. 60 dan ortiq savdo hamkorini 10 va 12,5 foizlik bojlar bilan “siylagan” Tramp, bu gal “Tariff Act” hujjatining 338-moddasidan huquqiy asos sifatida foydalanmoqda. Yangi yondashuvning asosiy maqsadi nafaqat Xitoydagi majburiy mehnat mahsuli bo‘lgan tovarlarning Amerika bozoriga kirishini cheklash, balki bunday mahsulotlarning o‘z hududlariga kirishiga yetarlicha to‘sqinlik qila olmayotgan davlatlarga nisbatan ham bosimni kuchaytirishdan iborat.

AQSH Savdo vakolatxonasining hisobotiga ko‘ra, global majburiy mehnat bilan bog‘liq ta’minot zanjirining markazida Xitoy, xususan Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani turibdi. Mazkur hudud dunyodagi eng muhim xomashyo bazalaridan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, Xitoyda yetishtiriladigan paxtaning 92,8 foizi aynan ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, hudud pomidor va quyosh panellari uchun zarur bo‘lgan polikremniy ishlab chiqarish bo‘yicha ham strategik ahamiyat kasb etadi.

Eng e’tiborlisi, polikremniyning 93,2 foizi dunyo bo‘yicha aynan Xitoyda ishlab chiqariladi. AQSH Savdo vakolatxonasining hisobotida qayd etilishicha, Xitoyda ishlab chiqariladigan quyosh plitalari, ingotlari, fotoelementlari va modullarining sezilarli qismi majburiy mehnat mahsuli bo‘lishi mumkin bo‘lgan polikremniy asosida tayyorlangan. Shu sababli mazkur mahsulotlarning kelib chiqishi xalqaro savdoda tobora muhim masalaga aylanmoqda.

AQSH bu borada 2021 yilda qabul qilingan “Uyg‘ur majburiy mehnatchiligining oldini olish to‘g‘risidagi qonun”ga (UFLPA) tayanmoqda. Mazkur qonunga ko‘ra, Shinjondan kelgan har qanday mahsulot aksini isbotlovchi dalillar taqdim etilmaguncha majburiy mehnat mahsuli deb hisoblanadi va AQSH hududiga kiritilmaydi. Mutaxassislar bu tizimni dunyodagi eng qat’iy import nazorati mexanizmlaridan biri sifatida baholamoqda.

Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, muammo faqat AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlari bilan cheklanmaydi. AQSH Savdo vakolatxonasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025 yillar davomida tekshirilgan iqtisodiyotlarning deyarli barchasi Xitoydan paxta import qilgan. Bu esa Shinjonda ishlab chiqarilgan xomashyo global ta’minot zanjiriga chuqur kirib borganini anglatadi. Natijada Kanada, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarga yetib borayotgan tayyor mahsulotlarda ham ushbu xomashyo uchrashi mumkin.

Xitoy hukumati esa bojlarni asossiz deb ta’kidlab, AQSH ulardan voz kechishi kerakligini bildirmoqda.

“Xitoy majburiy mehnatga doimiy ravishda qarshilik ko‘rsatib kelmoqda va majburiy mehnat amaliyotlarining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish uchun mehnat qonunlari va qoidalarining keng qamrovli tizimini yaratdi. Aksincha, AQSH nafaqat 1930 yilgi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilmadi, balki uzoq vaqtdan beri “majburiy mehnat” masalasini manipulyatsiya qilib kelmoqda”, – deyiladi Xitoy Savdo vazirligi bayonotida.

Ammo AQSH ittifoqchilariga nisbatan ham talablarni kuchaytirishda davom etmoqda. Kanada va Yevropa Ittifoqida ham majburiy mehnat mahsulotlariga qarshi qonunchilik mavjud bo‘lsa-da, AQSH ularning amaliy ijrosi o‘zlaridagi kabi qat’iy emasligini ta’kidlamoqda. Vashingtondagi ayrim qonunchilar esa buni AQSH taqiqlarini chetlab o‘tish deb atamoqda. Ularning fikricha, Shinjonga aloqador mahsulotlar Kanada yoki Meksika orqali qayta eksport qilinib, oxir-oqibat AQSH bozoriga kirib kelishi mumkin. Shu bois, senatorlar ushbu davlatlarni o‘z qonunchiligini AQSH standartlariga yaqinlashtirishga chaqirmoqda.

Shu bilan birga, hisobot Xitoy bilan cheklanmaydi. Unda Malavidan tamaki, Braziliyadan mol go‘shti hamda Myanmadan guruch kabi mahsulotlar ham majburiy mehnat xavfi yuqori bo‘lgan ta’minot zanjirlari sifatida qayd etilgan. Xalqaro Mehnat Tashkiloti (ILO), Human Rights Watch va boshqa tashkilotlar esa Kongo Demokratik Respublikasida kobalt qazib olish, Malayziyada palma yog‘i va rezina qo‘lqop ishlab chiqarish, Tailandda esa dengiz mahsulotlari sanoatini ham xavfli yo‘nalishlar qatoriga kiritadi.

Bir tomondan, yangi joriy etilayotgan bojlar uzoq yillik qadriyat bo‘lgan erkin bozor tamoyillariga butkul zid. Mashhur faylasuf va iqtisodchi Adam Smitning “ko‘rinmas qo‘l” nazariyasiga asosan bozor o‘zini o‘zi boshqarishi kerak edi. Ammo Xitoyning strategiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun siyosiy aralashuvlarsiz “o‘yin qoidalarini tenglashtirish” qiyin. Shu bois, Vashington bu kabi cheklovlarni erkin savdodan voz kechish emas, balki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ishlab chiqaruvchilar bilan xususiy kompaniyalar o‘rtasida raqobat sharoitini barqarorlashtirish vositasi sifatida ko‘rmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing