Yaponiyada doimiy yashash ruxsatnomasi to‘lovi 20 barobarga oshdi

Olam

−

image

Yaponiyada chet elliklar uchun doimiy yashash ruxsatnomasini olish to‘lovi 20 barobarga oshirilib, 200 ming iyenaga yetkazildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tartib kecha, 1 oktyabrdan kuchga kirgan. Narx oshishidan oldin hujjat topshirishga ulgurish uchun Tokio immigratsiya idorasi oldida uzun navbatlar yuzaga kelgan. Ayrim fuqarolar 7 soatdan ortiq kutgan.

Doimiy yashash ruxsatnomasiga da’vogarlar endilikda nafaqat yuqori to‘lovni amalga oshirishi, balki barqaror daromadga ega bo‘lishi, pensiya badallarini to‘lashi va yapon tilini bilishi bo‘yicha yangi talablarga ham javob berishi kerak.

1 oktyabrdan chet elliklarning yashash maqomini o‘zgartirish yoki muddatini uzaytirish uchun to‘lov ham oshirildi. U qolish muddatiga qarab 10 ming iyenadan 75 ming iyenagacha etib belgilangan. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelganlar hamda qochqin maqomiga ega shaxslarga chegirmalar berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, doimiy yashash ruxsatnomasini olishni istaganlar Yaponiyadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kam bo‘lmagan barqaror daromadga ega bo‘lishi kerak. 2024 yilda mamlakatda uy xo‘jaliklarining o‘rtacha yillik daromadi 5,75 mln iyenani tashkil etgan.

Kelasi yil aprelidan esa talablar yanada kuchaytiriladi. Jumladan, doimiy yashashga da’vogarlar yapon tilini boshlang‘ich darajada bilishini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Shu sababli, yapon tili maktablariga hamda til bilish bo‘yicha imtihonlarga talab oshgani aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada xorijliklar soni 2025 yil oxirida 4,12 mln nafardan oshgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 9,5 foiz ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya joriy yil 1 iyuldan boshlab xorij fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish narxini besh barobarga oshirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing