Nega FVB 9-qavatda yolg‘iz qulflanib qolgan bolani qutqarish uchun bormadi? Tafsilotlar ochiqlandi
3-sahifa
−
02 iyun 2023
13787Toshkent shahrida 9-qavatda yolg‘iz qolib ketgan 4 yashar bolani qutqarish uchun qutqaruv xizmati yetib bormagani bo‘yicha mas’ul bo‘lgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, voqea shu yilning 23 may kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Tuzel-1 massivida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan. Xonadonda kattalar nazoratisiz yolg‘iz qolgan 4 yoshli bolaning derazadan osilib onasini chaqirayotganini qo‘shnilar ko‘rib qolgan. Onasi kelguniga qadar ular bolani tinchlantirib turgan va 1050 qisqa raqamli qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan. Biroq oradan 1 soatdan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa ham qutqaruvchilar voqea joyiga bormagan.
“Hozirda qutqaruv guruhining murojaat kelib tushgan manzilga o‘z vaqtida yetib borishiga mas’ul bo‘lgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i nazoratiga olindi. Aybdor xodimlar intizomiy javobgarlikka tortiladi”, deyilgan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik bo‘limiga har kuni turli vaziyatlarda qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan fuqarolardan 400 dan 600 tagacha murojaat kelib tushadi.
Boshqarma tomonidan qutqaruv guruhining ushbu qo‘ng‘iroqda aytilgan manzilga o‘z vaqtida yetib bormaganligi juda kam uchraydigan hodisa ekani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Yashnobod tumanida yosh bola 9-qavatdagi xonadonlardan birida yolg‘iz qolib ketgani haqida videoxabar tarqalgandi. Shu uyda yashaydigan qo‘shnilar 1050 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qutqaruv xizmatini chaqirgani, ammo ular yetib bormagani bo‘yicha xabar berilgandi.
LiveBarchasi