Neftbazada 15 719 litr kamomad aniqlandi. Ish prokuraturaga taqdim etildi
Jamiyat
−
27 may 2020
8508“O‘zbekneftgaz“ AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan “Ishchi guruh“ tomonidan “Taxiatosh neft bazasi“ MCHJga qarashli Ellikqal’a filialining 51-sonli “Chayka“ va 25-sonli “Qirqqiz“ fermerlarga yonilg‘i tarqatish shoxobchalarida (FYOTSH) o‘rganish olib borildi hamda neft mahsulotlarining kamomadi aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Olib borilgan ichki tekshiruv natijasida, Filialning 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” FYOTSHlaridagi neft mahsulotlarining 2020 yil 1 may holatiga haqiqiy qoldig‘i yuzasidan o‘tkazilgan inventarizatsiya natijasida aniqlangan jami 112 448 100 so‘mlik 15 719 litr neft mahsulotlari kamomadi mavjudligi aniqlandi.
“Ushbu aniqlangan kamomad bo‘yicha materiallar filial buxgalteriya bosh hisobchisi tomonidan tegishli buxgalteriya o‘tkazmasi (47.30-hisobdorlar bilan hisob kitoblar scheti) berilib, 51 va 25-sonli FYOTSHlar moddiy javobgar shaxslari filialdan jami 112 million 460 ming 966 so‘mga qarzdor qilib qo‘yilgan.
O‘rganish jarayonida filialga qarashli 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” nomli FYOTSHlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarini miqdor jihatidan to‘liq saqlanishini inventarizatsiyadan o‘tkazildi va natijada 51-sonli “Chayka” nomli FYOTSHda SAE-140 moyidan 485,0 ming so‘mlik 117 litr kamomad aniqlandi.
2020 yil 15 may holatidagi neft mahsulotlari qoldig‘ini inventarizatsiyadan o‘tkazish vaqtida, 51-sonli FYOTSHda dizel yonilg‘isining haqiqiy qoldig‘i 6177 litrni tashkil qilgan bo‘lib, buxgalteriya hisobi qoldig‘iga nisbatan 10862 litr kamomad mavjudligi va 25-sonli FYOTSHda dizel yonilg‘isining haqiqiy qoldig‘i 3212 litrni tashkil qilgan bo‘lib, buxgalteriya hisobi qoldig‘iga nisbatan 4299 litr kamomad mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu kamomadni kelib chiqish sababi FYOTSHning katta operatori A.Ibragimovdan so‘ralganda, u o‘z tushuntirish xatida fermer xo‘jaliklariga dizel yonilg‘isini tegishli hujjatlarni umuman rasmiylashtirmasdan, neft mahsulotlarini iste’molchilarga tarqatish vedomostiga dizel yonilg‘isini olganligini tasdiqlovchi imzosini qo‘ydirmasdan berib yuborganligi aniqlandi“, deyiladi xabarda.
O‘rganish yakuni bo‘yicha ma’lum bo‘lgan neft mahsulotlarining kamomadi yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Prokuratura organlariga taqdim etilgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan taklif berilgan edi. Ushbu taklifga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarshilik bildirgan edi.
LiveBarchasi