Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi import benzin uchun aksiz solig‘ini oshirishga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
27 may 2020
4721Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklif keng muhokama qilinmoqda. Ushbu masala yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z munosabatini bildiradi.
Ma’lumki, neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i deyarli barcha davlatlarda qo‘llaniladi.
“Aksiz solig‘i – bu mamlakat ichida ishlab chiqariladigan va importdan keltiriladigan, odatda aniq ro‘yxatini belgilagan holda, tovarlarga nisbatan to‘laniladigan bilvosita soliq hisoblanadi.
Xalqaro tajribada rivojlangan mamlakatlarda aksiz solig‘i davlat byudjeti uchun daromad manbai sifati ko‘riladi. Bunda, aksiz solig‘i tovarning mahalliy yoki importdan keltirilganligidan qat’iy nazar yagona stavkada belgilanadi.
Shu bilan birga, aksiz solig‘ini har xil darajada belgilash tajribasi Belorussiya va Qozog‘istonda kuzatildi. Bunda, iste’molchilar uchun narxni oshishiga yo‘l qo‘ymaslik va aksincha arzonlashtirish, yoki tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoit yaratish nuqtai nazardan amalga oshirilgan. Masalan, Belorussiyada 28 fevraldan 31 dekabrga qadar mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan benzinni realizatsiya qilganda, aksiz solig‘i to‘lovchilariga 0,25 koeffitsiyent miqdorida imtiyoz qo‘llanilishi belgilangan. Ya’ni, iste’molchilar manfaatlari ustuvorligini ta’minlagan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import benzinning aksizini ko‘tarmasdan, balki mahalliy benzin uchun aksiz solig‘iga imtiyoz qo‘llanilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonda bozorda benzin defitsitini oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan benzin narxini arzon ushlash maqsadida avval import benzin uchun aksiz solig‘i mahalliy benzinga nisbatan deyarli uch baravar kam bo‘lgan. Lekin, 2018 yildan boshlab bozor ishtirokchilariga teng sharoit yaratish maqsadida aksiz miqdori tenglashtirildi. 2020 yilga qadar “O‘zbekneftgaz” AJning neftni qayta ishlash korxonalarida bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanib kelingan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-son qarori bilan berilgan shart-sharoitlar shuning jumlasidandir.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va sotish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarga teng sharoitlar yaratildi. Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari 2020 yilning may oyidan narxni shakllantirish bo‘yicha qo‘llanib kelingan cheklovlardan ozod etildi. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz solig‘ini oshirilishi bo‘yicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Ta’kidlanishicha, mahsulotni importiga aksiz solig‘ini belgilash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Kengash mazkur masalani ko‘rib chiqqan taqdirda, Qo‘mita yuqoridagi pozitsiyasi bilan ishtirok etadi va himoya qiladi.
LiveBarchasi