Nazarboyevning ukasi Olmaota zavodidagi ulushini davlatga majburan qaytardi
Olam
−
17 mart 2023 6176 3 daqiqa
Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyev Olmaota og‘ir mashinasozlik zavodidagi aksiyalarini davlatga qaytarishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat mulki va xususiylashtirish qo‘mitasining da’vosi bo‘yicha mamlakat Oliy sudi Bolat Nazarboyevni aksiyalarni qaytarishga majbur qilgan.
Ish materiallariga ko‘ra, 1998 yilda davlat mulki departamenti “Olmaota og‘ir mashinasozlik zavodi” AJ aksiyalarining davlat paketini ustav fondidan 31,9 foiz miqdorida tender g‘olibi “Temir Kon” MCHJga 105,3 million tengega (2,6 milliard so‘m) sotgan. Oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra, uning yangi egasi zavod faoliyati profilini saqlab qolishi va ishlab chiqarish hajmini oshirishi kerak edi.
Nursulton Nazarboyev prezidentligi davrida – 2007 yilda “Temir Kon” MCHJ “Olmaota og‘ir mashinasozlik zavodi” AJ aksiyalarining 86,78 foizini, shu jumladan, davlat paketining 31,9 foizini Bolat Nazarboyevga sotgan.
2009 yilda Bolat Nazarboyev davlat paketini “RLS-TM” MCHJning boshqa aksiyalari bilan birga shartnoma bo‘yicha hech qanday majburiyatlarni nazarda tutmasdan sotgan.
“Davlat aksiyalari paketining egasi bo‘lganidan so‘ng, Bolat Nazarboyev birinchi shartnomaning maxsus shartlarini bajarish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bolat Nazarboyevning zavod faoliyati profilini saqlab qolish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, “RLS-TM” MCHJ bilan shartnoma tuzilgan paytda xavfsizlik standartlarini bajarish bo‘yicha majburiyatlari to‘xtatilmadi. Bolat Nazarboyev o‘z majburiyatlarini yangi xaridorga o‘tkazmasdan bahsli aksiyalarni begonalashtirishga haqli emasdi”, deyiladi qarorda.
Qarorga ko‘ra, turli sud instansiyalari ushbu ishni bir necha bor ko‘rib chiqqan. 2011 yil fevral oyida qo‘mita tomonidan berilgan da’vo Olmaotaning Avezov tumanidagi 2-sud tomonidan qanoatlantirilgan. Olmaota shahar sudining apellyatsiya va kassatsiya sudlovlari ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladilar. Biroq 2012 yil yozida Oliy sudning sud hay’ati qarorni bekor qilgan va ishni birinchi instansiya sudiga qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgan. Bu safar Olmaotaning Avezov tumanidagi 2-tuman sudi qo‘mitaga da’voni qondirishni rad etgan. Qaror Olmaota shahar sudining fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha apellyatsiya sud hay’ati tomonidan tasdiqlangan. Biroq bu yil bosh prokuror ushbu qarorga qarshi chiqdi.
Bunday sharoitda hay’at norozilik dalillarining asosliligi, sud hujjatlarini bekor qilish zarurligi va qo‘mitaning da’vosini qondirish bo‘yicha yangi qaror qabul qilish to‘g‘risida xulosaga keldi. Hay’at bosh prokurorning noroziligini qondirishga va 2012 yilgi Olmaota sudining qarorini bekor qildi.
Eslatib o‘tamiz, bu Nazarboyevga yaqin odamlarning birinchi marta imtiyozlardan mahrum qilinishi emas. Bungacha uning qamalgan jiyani “Kazaxtelekom”ning aksiyalarini davlatga qaytargandi. Singlisiga qarashli kompaniya esa kontrabandada gumon qilingan. Avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Nazarboyevning rafiqasi Sara Nazarboyevani Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha milliy komissiya a’zoligidan chetlatgandi.
Live
Barchasi