Nazarboyev va uning oilasini yana bir “musibat” kutmoqda
Olam
−
19 yanvar 2022
38676Qozog‘istonda mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev va oilasini daxlsizlik huquqlaridan mahrum etish talabi bilan petitsiya tashkil etildi.
Qozog‘istonning “egov.press” saytiga joylashtitilgan petitsiyada Nursulton Nazarboyev va uning oilasini quyidagi daxlsizlik huquqlaridan mahrum qilish taklif qilinmoqda:
• Qozog‘iston Respublikasining 2000 yilda qabul qilingan “Birinchi Prezident to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, Birinchi Prezident va uning oilasi daxlsizligi to‘liq kafolatlanadi;
• Birinchi Prezidentni hibsga olish, hibsda ushlab turish, tintuv qilish, sudga chaqirib so‘roq qilish mumkin emas;
• Nazarboyev va u bilan birga yashaydigan oila a’zolariga tegishli barcha mulk daxlsiz hisoblanadi;
• Elboshining bank hisob raqamlari daxlsizligi kafolatlanadi... Nazarboyev va uning oilasi bir umrlik davlat himoyasida;
• Elboshining hayoti va salomatligi davlat himoyasida va majburiy sug‘urta sharti bilan kafolatlanadi;
• u davlatdan pensiya oladi (prezident oylik maoshining 80 foizi miqdorida). Nazarboyevlar oilasining u bilan birga yashaydigan har bir a’zosiga oylik nafaqa tayinlanadi.
“Biz demokratik mustahkam davlat bo‘lishga intilayotgan “Yangi Qozog‘istonda oila a’zolarining daromadi shubhali manbalardan orttirilgan bir shaxsga bunday katta imkoniyatlarni qonun yo‘li bilan ta’minlab qo‘yish katta xato, deya hisoblaymiz. Bundan tashqari, biz Birinchi Prezidentning oila a’zolariga tegishli mol-mulk bo‘yicha surishtiruv olib borish va ularni barcha daxlsizlik huquqlaridan zudlik bilan mahrum qilishni talab qilamiz”, deydi petitsiyani tuzishda ishtirok etgan faollar guruhi.
Hozircha 700 dan ortiq ovoz olgan petitsiyaning kuchga kirishi u joylashtirilgan sayt qonuniy bo‘lmaganligi bois so‘roq ostida qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 yanvar kuni xalqqa videomurojaat bilan chiqqan Elboshi Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlarida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon ilk marotaba ommaga ko‘rinish berdi. Nazarboyevning videomurojaati uning You Tube’dagi Matbuot xizmati rasmiy kanalida e’lon qilingan.
Sobiq Prezidentning uzoq muddat ommaga ko‘rinish bermagani turli xil mish-mishlarga sabab bo‘ldi.
Ba’zi manbalar uning sog‘lig‘i yomonlashganini, boshqasi uning mamlakatni tark etgani haqida bildirgan. Ko‘pchilik ekspertlar esa sobiq Prezidentning mamlakatning hozirgi rahbari Qosim-Jomart To‘qayev bilan ziddiyatga borib qolgani haqida ma’lum qilgan.
Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach, Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi.
Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlandi.
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident videomurojaat yo‘llashdan boshqa, hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.
Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.
17 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi