Nazarboyev va Lukashenko postsovet mamlakatlaridagi vaziyatni muhokama qildi
Olam
−
06 iyul 2022
8072Bugun, 6 iyul kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko telefon orqali gaplashdi va postsovet hududlaridagi siyosiy vaziyat haqida fikr almashdi. Bu haqda “Belta” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir kun avval Lukashenko Qozog‘istonning Birinchi Prezidentiga telegramma yo‘llagan, bugun esa ular telefon orqali muloqot qilgan.
“Aleksandr Lukashenko va Nursulton Nazarboyev hozirgi – Belarus va Qozog‘iston atrofidagi hamda postsovet hududidagi mamlakatlardagi vaziyatni muhokama qildi. Nursulton Nazarboyev mintaqadagi vaziyat bilan atroflicha qiziqdi”, deyiladi xabarda.
Lukashenko nomidan Nazarboyev nomiga yuborilgan telegrammada 82 yoshni qarshilagani munosabati bilan unga mustahkam sog‘lik, farovonlik, uzoq va baxtli umr tilaklari bildirilgan.
“Mustaqil Qozog‘istonning keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlari, uning xalqaro maydonda salmoqli yutuqlarga erishgan zamonaviy davlat sifatida shakllanishi sizning nomingiz bilan uzviy bog‘liq”, degan Belarus rahbari o‘z tabrigida.
Avvalroq, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyev tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Bodrumga uchib ketgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, bugun Nazarboyev 82 yoshni qarshiladi. Qozog‘istonda bu kun mamlakatda davlat bayrami bo‘lgan va avvallari alohida miqyosda nishonlanadigan Poytaxt kuniga to‘g‘ri keladi. Biroq, 2022 yil 6 iyul holatiga ko‘ra, odatdagidan farqli o‘laroq, keng ko‘lamli tadbirlar e’lon qilinmadi.
Shu bilan birga, jamiyatda 6 iyulni davlat darajasida nishonlashni bekor qilish talablari ko‘payib bormoqda – ko‘pchilik qozog‘istonliklar “Poytaxt kuni”ni rasmiy bayram deb hisoblaydi, lekin aslida bu kun Nazarboyevning tavalludiga bag‘ishlanadi. Shuningdek, 1 dekabr kuni nishonlanadigan hamda davlat bayrami sanalgan Birinchi Prezident kunini nishonlashni bekor qilish bo‘yicha murojaatlar ham ortgan. 30 iyun kuni Qozog‘iston Xalq partiyasi parlamenti deputati Yorlan Smaylov ushbu mavzuni sharhlar ekan, poytaxt nomini Nur-Sultondan Ostonaga o‘zgartirish va Nazarboyev sharafiga bayramlarni bekor qilish masalasini fuqarolik jamiyatining o‘zi ko‘tarishi kerakligini aytdi.
Joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotadi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.
O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.
LiveBarchasi