Nazarboyev Putin bilan nega uchrashgani aytildi
Olam
−
02 iyun 14798 2 daqiqa
Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan 29 may kuni Moskvadagi uchrashuvi yakkama-yakka o‘tdi, chunki ular uzoq yillik do‘stona munosabatlarga ega. Bu haqda respublika birinchi prezidentining matbuot kotibi Oydos Ukibay xabar berdi.
“Ommaviy axborot vositalari so‘rovlari bilan bog‘liq holda shuni ma’lum qilaman: Nursulton Nazarboyevning Moskvaga tashrifi shaxsiy, norasmiy bo‘ldi. U va Vladimir Putin o‘rtasida davlat vakolatlari mavjudligidan qat’i nazar, uzoq yillik, do‘stona munosabatlar mavjud”, deyiladi matbuot kotibining birinchi prezident saytida chop etilgan sharhida.
Uning ta’kidlashicha, Nazarboyev Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga taklifnoma olgan.
“Ob’ektiv sharoitlar tufayli u rasmiy tantanalarda qatnasha olmadi va Moskvaga keyinroq – yakka holda tashrif buyurdi”, deydi Ukibay.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, Nazarboyev bir qator dunyo yetakchilari bilan “telefon suhbatlari, shaxsiy yozishmalar va individual uchrashuvlar orqali” aloqada bo‘lib turadi.
“Bu nafaqat Rossiyaga, balki Turkiya, Xitoy, BAA, O‘zbekiston, Belarus va boshqa mamlakatlarga ham tegishli. Bunday hamkorlik formati xalqaro amaliyotga mos keladi va davlat faoliyati davomida shakllangan shaxsiy aloqalarni aks ettiradi”, dedi u.
Ukibay, shuningdek, bu odatiy amaliyot ekanini eslatib, Putin 29 may kuni Moskvada Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening bevasi Aki Abe bilan ham uchrashganini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev 1991 yildan 2019 yilgacha Qozog‘iston prezidenti lavozimida ishlagan. 2019 yil mart oyida u o‘z iltimosiga ko‘ra iste’foga chiqdi. Iyun oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Qosim-Jomart To‘qayev g‘alaba qozongan edi.
2022 yil yanvarida Qozog‘istonda yirik tartibsizliklar va norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning talablaridan biri Nazarboyevni siyosatdan chetlashtirish edi. 2023 yilning yanvar oyida Qozog‘iston parlamenti bir ovozdan Nazarboyevni “Elboshi” maqomidan mahrum qildi. Shundan so‘ng, darhol Senat u Qozog‘iston faxriy senatori bo‘lmasligini e’lon qildi. Keyinchalik esa parlamentda bu unvon butunlay bekor qilindi. May oyi oxirida sobiq prezidentni haqorat qilish jinoyat hisoblanmasligi ma’lum bo‘ldi. Ilgari sobiq prezidentni haqorat qilgan fuqarolar uch yil qamoq jazosiga hukm qilinardi.
Live
Barchasi