So‘nggi nafasgacha: Nazarboyev qator huquqlarni o‘zida saqlab qoldi

Olam

image

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Respublika Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi bo‘lish, shuningdek, hukumat va parlamentda so‘zlash huquqini saqlab qoladi. Bu haqda bir qator konstitutsiyaviy qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib e’lon qilingan.  

Qozog‘iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) deputati Kanat Nurovga ko‘ra, palata Nazarboyevning Qozog‘iston Xalq Assambleyasi va mamlakat Xavfsizlik Kengashiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlarni ma’qullagan.

“Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Qozog‘iston Respublikasi parlamenti va uning palatalari oldida, Respublika hukumati majlislarida muhim masalalarni muhokama qilishda umrbod so‘zga chiqish, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy Kengashi a’zosi bo‘lish huquqiga ega”, deyiladi hujjat matnida.

Birinchi Prezident — Elboshi (millat yetakchisi) haqidagi amaldagi qonunda Nazarboyev Qozog‘iston Xalq assambleyasi va Xavfsizlik kengashini ham boshqarish huquqiga ega. Endilikda, yangi tuzatishlarga ko‘ra, sobiq davlat rahbari bu huquqqa ega emas.

Nazarboyev atrofida nimalar sodir bo‘lyapti? 

18 yanvar kuni xalqqa videomurojaat bilan chiqqan Nazarboyev Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlarida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon ilk marotaba ommaga ko‘rinish berdi. Nazarboyevning videomurojaati uning You Tube’dagi Matbuot xizmati rasmiy kanalida e’lon qilingan.

Murojaatda sobiq prezident "Men 2019 yili o‘z vakolatlarimni Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirganman. O‘shandan beri pensioner hisoblanaman. Ayni damda Qozog‘iston poytaxtida dam olyapman va hech qayerga ketganim yo‘q", deya bildirgan.

U yana butun qozoq xalqini hozirgi tahlikali vaziyatda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev atrofida birlashishga chaqirgan.

Oxirgi kunlarda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari atrofidagi gap-so‘zlar soat sayin ortdi. Bunga hamohang tarzda oxirgi mashmashalar fonida Nazarboyev va oilasi munosabat bildirmadi. Olma-otada esa uning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali ag‘darildi. Murakkab vaziyat biroz tin olgach, Nazarboyev yana paydo bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, uning matbuot kotibi Nazarboyevning Nur-Sultondaligini aytib, Elboshi nomidan xalqni Prezident To‘qayev atrofida birlashishga chaqirdi. 

Avvalroq, Qozog‘iston sobiq Prezidentining kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali BAAda ekani aniqlangandi. Biroq bundan ko‘p o‘tmay, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirib tashlandi.

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident videomurojaat yo‘llashdan boshqa, hozirgacha hech yerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. Uning koronavirusga chalingani va kasallik sabab ta’tilda ekani aytildi.

Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketdi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi. 

Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamalakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilish fakti bo‘yicha hibsga olindi. Karim Masimovdan tashqari, MXQ raisining sobiq o‘rinbosari – “A”, Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va MXQ raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo‘lga olingan.

17 yanvar kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Elboshining jiyani – Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimidan ozod etish haqidagi hujjatni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Nazarboev

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing